Yurtimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, eksportbop mahsulotlarni qayta ishlash hamda tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha izchil harakatlar olib borilmoqda. Bu jarayonlar milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash bilan birga, aholi bandligi va farovonligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Italiyalik hamkorlar va “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy ko‘magida “BMB Holding” tomonidan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan za’faron yetishtirish va qayta ishlashga qaratilgan yirik investitsion loyiha yuqori samaralar berayotgani bilan alohida e’tirofga sazovor.
Mazkur loyiha 2022 yil 20 may kuni qabul qilingan Prezident qarori asosida dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va ularni sog‘liqni saqlash sohasida keng qo‘llash maqsadlariga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga kelib, Baxmaldagi za’faron plantatsiyalari 820 gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu jarayonning 400 gektari “BMB-Opera Za'fferano” O‘zbekiston – Italiya qo‘shma korxonasi tomonidan, qolgani esa “BMB Shifo” maydonlarida amalga oshirilmoqda.
– So‘nggi yillarda an’anaga aylangan mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil aprel oyidagi Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan za’faron plantatsiyalarini 2 ming gektarga yetkazish hamda hosil hajmini 20 tonnagacha oshirish vazifasining mantiqiy davomidir, – deydi “BMB Holding” bosh direktori maslahatchisi Bahodir Komilov. – Loyiha umumiy qiymati 120 million yevro bo‘lib, shundan 70 millioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 37 millioni “BMB Holding” mablag‘lari va 13 millioni “O‘zsanoatqurilishbank” kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bugungi kungacha 84 million 600 ming yevro miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, 2 gektar yer maydonida zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi tashkil etildi. Unda quritish, qayta ishlash, qadoqlash, efir moyi ishlab chiqarish uskunalari hamda xalqaro talablarga javob beradigan laboratoriya mavjud.
Suv resurslarini tejash maqsadida “AgroNanoGel Basic” gidrogelidan foydalanish tajribasi joriy etildi. Bu suv sarfini 40–45 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, quyosh panellari orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ham amaliyotga joriy etilgan. Bu esa nafaqat xarajatlarni qisqartiradi, balki atrof-muhitga zararli ta’sirni kamaytiradi.
Hozirda “BMB Za'faron” brendi ostida yetishtirilayotgan mahalliy za’faron va uning asosida tayyorlanayotgan 20 turdagi mahsulot Italiya, Avstriya, Fransiya, Niderlandiya, AQSH, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlarga eksport qilinmoqda. 2021 yilda eksport hajmi 1 million 200 ming yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 12 million yevroga yetkazish rejalashtirilmoqda.
– “BMB Za'faron" mahsulotlari “USDA Organic”, “FDA”, ISO 17025 va ISO 3632-1:2011 kabi xalqaro sertifikatlarga ega, – deydi “BMB Holding” kompaniyasi bosh mutaxassisi, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori Maryam Usmonova. – Shuningdek, Yevropaning 10 ga yaqin davlatlaridagi ilmiy laboratoriyalarda za’faron mahsulotlarimiz chuqur tahlillardan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu esa xalqaro bozorda ishonch va salohiyatimizni yanada mustahkamlamoqda.
Mazkur loyiha orqali ijtimoiy barqarorlik ham ta’minlanmoqda. Joriy yilda 25 ming nafar mahalliy aholi mavsumiy ish bilan, 450 nafar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
[gallery-25793]
– E’tiborlisi shundaki, endilikda za’faron o‘zimizda ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning piyozboshisidan yetishtirilayotgani — agrotexnik mustaqillikning muhim qadami hisoblanadi, – deydi “BMB Holding” kompaniyasi qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Sobir Egamberdiyev. – Bu o‘z navbatida, 2028 yilga qadar za’faron plantatsiyalarini 2 ming gektarga yetkazish rejasiga mustahkam poydevor yaratmoqda.
Shu bilan birga, “BMB Holding” o‘z za’faronini mahalliy “BMB Za'faronA’” brendi ostida dunyo bozorida tanitish va eksportni yanada kengaytirish niyatida. Shu maqsadda kompaniya tarkibidagi “BMB Za'faron Restaurant” va “BMB Za"faron Hotel” orqali mahalliy brendni xalqaro sayohatchilarga keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayapti.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/fD7CNcKuT9c" title="“БМБ Заъфарон” loyihasi – mahalliy agrosanoat istiqbolining yorqin namunasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat), O‘zA