Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“BMB Holding” PFLning rasmiy homiysi
17:25 / 2024-03-05

Joriy yilning 4-mart kuni “BMB Holding”ning Toshkentdagi bosh ofisida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bilan homiylik bitimi imzolandi. Tadbirda “BMB Holding” Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov, Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev hamda PFL va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ishbilarmonlik muhitining samarali yo‘lga qo‘yilishi, keng ko‘lamdagi shart-sharoitlar hamda tadbirkorlarga bildirilayotgan ishonch ularning ijtimoiy sohalarni, xususan, sportni qo‘llab-quvvatlashiga turtki bo‘layotganligini qayd etdi. Bunday kelishuvlar kelajakda O‘zbekistonda sport turlari, jumladan, futbol yanada rivojlanib, yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi ushbu islohotlarga “BMB Holding” ham befarq emasligini aytish lozim. 

Jumladan, 2021-yili “BMB PFC” futzal klubiga asos solindi, 2021-2022-yillarda “So‘g‘diyona” va “Lokomotiv” futbol klublariga titul homiysi, 2023-yilda PFLning rasmiy homiysi bo‘ldi. 2022-yili aynan xolding kompaniyasi homiyligida Italiya yulduzlaridan tashkil topgan jamoa Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston futbol yulduzlariga qarshi maydonga tushdi. Bu o‘zbek futbolining 110-yillik yubileyi uchun kompaniyaning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi, deyish mumkin. 

Shuningdek, ushbu kompaniya O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda iqtidorli yosh shaxmatchilarimiz– Osiyo chempioni Umida Omonova hamda yoshlar o‘rtasida 4 karra jahon chempioni Humoyun Bekmurodovga bosh homiy sifatida ularning shaxmat olamida katta yutuqlarni qo‘lga kiritishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib kelmoqda. 

Muxtasar aytganda, “BMB Holding” kompaniyasi yurtimizda sportning ravnaqiga munosib hissasini qo‘shmoqda. 

A.Qayumov, O‘zA muxbiri