Jizzax viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev “BMB HOLDING” Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov hamrohligida xoldingning Sharof Rashidov tumanida joylashgan “BMB-NRC Agrologistics”, “BMB Agro Plus”hamda “BMB IMPEX” korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
“BMB HOLDING” Jizzax viloyatidagi yirik agrosanoat klasterlari orqali qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarga mos mahsulotlar ishlab chiqarish borasida bir qator yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Viloyat rahbari ushbu loyihalarning amaliy jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu korxonaga bordi. Ulug‘bek Mustafoyev dastlab “BMB-NRC Agrologistics” majmuasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda unga agrologistika markazining imkoniyatlari, eksport salohiyati va xizmat turlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, viloyat rahbari “Yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash, bojxona va fitosanitar hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, transport va logistika xizmatlari ko‘rsatish jarayonlarini ham kuzatdi.

O‘rganishlar jarayonining navbatdagi manzili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishga ixtisoslashgan “BMB Agro Plus” va “BMB IMPEX” korxonalariga bo‘ldi. Unda meva-sabzavotlar chuqur qayta ishlanib, jumladan, murabbo, konserva, pyure va pasta kabi qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Shu o‘rinda “BMB HOLDING” tomonidan shu joyning o‘zida “BMB Za’faron” va za’faronli mahsulotlar burchagi tashkil etilganini ham qayd etib o‘tish lozim.
Keyingi yillarda za’faron yetishtirish yo‘nalishida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, xalqaro sertifikatlar va ularning ahamiyati haqida Ulug‘bek Mustafoyevga atroflicha ma’lumotlar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri