O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini tubdan modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va milliy mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqish borasida tizimli islohotlar izchil davom etmoqda.
Islohotlarning amaliy natijasi sifatida Jizzaxdagi “BMB Holding” kompaniyasi tizimida faoliyat yurituvchi “BMB Agro” korxonasi xalqaro "FSSC 22000" oziq-ovqat xavfsizligi menejmenti tizimi sertifikatini qo‘lga kiritganini qayd etish mumkin. Mazkur sertifikat ishlab chiqarish va qayta ishlash zanjirining barcha bosqichlari xalqaro standart va normativ talablarga to‘liq javob berishini texnik jihatdan tasdiqlaydi.
"FSSC 22000" sertifikati korxonalarda zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy etilayotgani, ishlab chiqarish madaniyati, sifat va mas’uliyatga bo‘lgan yondashuv yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Ushbu standart jahon miqyosidagi nufuzli va ishonchli sertifikatlardan biri hisoblanadi.
Sertifikat talablariga muvofiq, ishlab chiqarish jarayonlaridagi biologik, kimyoviy va fizik xavflar tizimli ravishda aniqlanadi, baholanadi hamda samarali nazorat qilinadi. Bu esa mahsulot sifati va iste’molchilar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
"FSSC 22000" sertifikatining mavjudligi “BMB Agro” mahsulotlarining AQSH, Yevropa Ittifoqi kabi yuqori fitosanitariya va xavfsizlik talablari qo‘yilgan bozorlarga chiqishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, eksport geografiyasini kengaytirish, xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli va barqaror shartnomalar tuzish uchun mustahkam huquqiy va ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eng muhimi, bunday xalqaro standartlarning mahalliy korxonalarda joriy etilishi O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlash, milliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakatimizning jahon bozorida ishonchli agrar eksportyor sifatidagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA