2021 yilda AQSH neftni qayta ishlash bozorida yetakchilikni Xitoyga berishi mumkin, deb xabar beradi Bloomberg agentligi Xalqaro energetika agentligi xulosalariga tayanib.
AQSHda bir qator neftni qayta ishlash zavodlari, xususan, Luizianadagi Royal Dutch Shell Plc o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Xitoyda esa shunday zavodlarning kamida to‘rttasi qurilmoqda. Ularning umumiy quvvati kuniga 1,2 million barrelni tashkil etadi.
Pandemiya sharoitida dunyo bo‘yicha neftga bo‘lgan talab keskin pasayib ketdi. Bu esa neftni qayta ishlash sohasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi, mahsulot ishlab chiqarish hajmi rekord darajada qisqardi. Shuning yarmidan ko‘pi Amerika zavodlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, neft iste’molida ham o‘zgarishlar tezlashgan. Masalan, Xitoy va Osiyoning boshqa davlatlarida plastmassaga talab ortmoqda. AQSH va Yevropa mamlakatlari esa chuqur iqtisodiy inqiroz bilan kurashmoqda. Vaziyatni, shuningdek, muqobil energiya manbalariga o‘tish sharoitida neftga bo‘lgan talabning uzoq muddatli istiqboli ham yomonlashtirmoqda.
Xitoyda neftni qayta ishlash sohasining rivojlanishi Hindiston bilan Yaqin Sharqda yangi zavodlar qurilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, bu shubhasiz, jahon energetika tizimida o‘z aksini topadi. Xitoy korxonalarining xalqaro yoqilg‘i bozoridagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Bu esa nafaqat AQSH, balki Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun ham muammo bo‘ladi, deyiladi maqolada.
Wood Machenzie kompaniyasi tahlilchilarining fikricha, neftni qayta ishlash quvvatlarining yarmidan ko‘pi aynan Osiyo qit’asiga to‘g‘ri keladi, ular plastik mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
"Xitoy yaqin bir yoki ikki yilda AQSHni quvib o‘tadi", – deydi Facts Global Energy kompaniyasi direktori Stiv Soyer.
Biroq, Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqda neftni qayta ishlash quvvatlarining oshishiga qaramay, mazkur sohaning COVID-19 pandemiyasi keltirgan zarardan o‘zini tiklab olish uchun yillar kerak bo‘ladi, deyiladi xabarda.
O‘zA