Bloomberg: Baydenning yordamchisi Patrushev bilan Ukraina masalasida uchrashishga harakat qilmoqda
AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan telefon orqali muzokara o‘tkazish uchun imkon qidirmoqda.
Bu haqda dushanba kuni Bloomberg agentligi ma’lum qildi. 11 mart kuni Oq uy matbuot kotibining o‘rinbosari Endryu Beyts Rossiya “chalg‘ituvchi bayroq ostida” Ukrainada amaliyot o‘tkazishi yoki vaziyatni sabab qilib “kimyoviy qurolni qo‘llashga urinishi mumkin", degan edi.
Bloombergning ma’lum qilishicha, Sallivan “Kremlni bunday harakatdan to‘xtatish uchun” rossiyalik hamkasbi, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan telefon orqali gaplashmoqchi. Sallivan bilan Patrushev o‘rtasidagi suhbat ayni paytda kelishilmagan, deya ta’kidlaydi Bloomberg.