Huquqiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda «mo‘’jizaviy» ozish vositalari, «millionga olib boradigan» kurslar, «original» gadjetlar reklamasi ko‘payib bormoqda. Mashhur blogerlar ularni maqtab tavsiya qiladi, obunachilar esa ishonib sotib oladi. Biroq tovar sifatsiz chiqsa yoki kurs va’da qilingan natijani bermasa, nima qilish kerak? Bloger javob beradimi?
Bu borada Toshkent davlat Yuridik universiteti, kiber huquq kafedrasi katta o‘qituvchisi Madinabonu Yakubova quyidagicha tushuntirib berdi:
— Avvalo, tushunish kerakki, qonun oldida bloger — reklama tarqatuvchi hisoblanadi. «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga ko‘ra, reklama tarqatuvchi reklamani tarqatish vaqti, joyi va vositalariga tegishli qismda qonunchilik buzilishi uchun javobgar. Biroq undan ham muhimi, reklama beruvchi (tovar yoki xizmat egasi) reklama mazmuni uchun to‘liq javob beradi.
Qonunda noaniq reklama tushunchasi mavjud. 5-moddaga ko‘ra, noaniq (vijdonsiz, ataylab yolg‘on) reklama — bu noaniqlik, ikki ma’nolilik, bo‘rttirish, yashirish natijasida iste’molchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazadigan reklamadir. Bunday reklama taqiqlangan.
Amalda bu shuni anglatadi: agar bloger «bu krem 7 kunda ajinlarni yo‘qotadi» deb reklama qilsa, biroq bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasa — bu noaniq reklama. Agar «bu kursdan keyin oyiga 10 million topasiz» deb va’da qilinsa, biroq kurs umumiy ma’lumotlardan iborat bo‘lsa — bu ham noaniq reklama.
2025 yilning birinchi choragida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 45 mingga yaqin tekshiruv o‘tkazdi. Natijada 150 ta noaniq reklama holati aniqlandi — asosan BADlar, ozish vositalari va dori-darmonlar reklamasi. 90 dan ortiq bukmekerlik xizmatlari reklamasi tarqatgan saytlar bloklandi. Estrada artistlari, sportchilar va blogerlarning noqonuniy reklamasi bo‘yicha 25 ta so‘rov huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Jarimalarga kelsak, Qonunning 47-moddasiga ko‘ra, moliyaviy sanksiyalar quyidagicha: reklamasi taqiqlangan mahsulot reklamasi uchun — 100 BHM (34 million so‘m); noaniq reklama, kontrreklamadan bosh tortish uchun — 70 BHM (23,8 million so‘m). Ma’muriy javobgarlik kodeksining 178(1)-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxslar va mansabdor shaxslar 5 dan 15 BHMgacha (1,7 dan 5,1 million so‘mgacha) jarima to‘laydi.
Biroq eng muhim savol — agar tovar firibgarlik bo‘lsa nima bo‘ladi? Jinoyat kodeksining 168-moddasi firibgarlikni jinoyat deb belgilaydi. Agar bloger bilib turib sifatsiz yoki mavjud bo‘lmagan tovarni reklama qilsa, bu firibgarlikda ishtirok etish sifatida baholanishi mumkin. Oliy sudning 2023 yil 23 iyundagi 17-sonli qaroriga ko‘ra, firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga tovar sifati va qiymati haqidagi ma’lumotlar ham kiradi.
Ammo amalda blogerning javobgarligini isbotlash qiyin. Buning uchun uning tovar sifatsizligini bilganini isbotlash kerak. Agar bloger o‘zi ham aldangan bo‘lsa, javobgarlik asosan reklama beruvchiga tushadi.
Yana bir muhim masala — «kurslar» va «marafonlar». Ko‘pincha blogerlar «biznes sirlari», «millionga yo‘l», «psixologiya asoslari» kabi kurslarni reklama qiladi. Iste’molchi pul to‘laydi, biroq kurs ijtimoiy tarmoqlardagi bepul videolardan farq qilmaydi. Bu holatda ham Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun qo‘llaniladi. Xizmat sifati va’da qilinganga mos kelmasa, iste’molchi pulni qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Agar siz zarar ko‘rgan bo‘lsangiz, quyidagi bosqichlarni bajaring: barcha dalillarni saqlang — skrinshotlar, to‘lov kvitansiyasi, reklama videosi, yozishmalar; avval sotuvchiga yozma murojaat qiling — tovarni qaytarish yoki pulni qaytarishni talab qiling; agar javob olmasangiz, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasiga shikoyat qiling — ular noaniq reklama masalalari bo‘yicha vakolatli organ; jiddiy hollarda sudga murojaat qiling — moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun; firibgarlik holatlarida ichki ishlar organlariga ariza bering.
Blogerlarga esa tavsiya: reklama qilishdan oldin tovar yoki xizmatni o‘zingiz tekshiring; va’dalarda ehtiyot bo‘ling — «100 foiz natija», «hammaga yordam beradi» kabi iboralar noaniq reklama belgisi; shartnomada javobgarlikni aniq belgilang; shubhali takliflardan voz keching — obunachilaringiz ishonchi sizdagi eng qimmatli narsa.
Raqamli dunyoda ishonch asosiy valyuta. Uni yo‘qotish oson, qaytarish qiyin. Iste’molchilar ham, blogerlar ham bu haqda o‘ylashi kerak.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA