Blinkenning Xitoyga borishi muddati haliyam aniq emas
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken “shartlar uyg‘un kelgan taqdirda” Xitoyga borishi mumkin. Departament matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Vedant Patel tashqi siyosat rahbarining XXRga ketayotgani haqidagi xabarlarni izohlab, “TASS” muxbiriga shu haqda gapirgan.
“Yaqin kunlarda Davlat kotibining safarga chiqishi kutilmayapti, XXRga tashrif esa, avval aytganimizdek, imkon yaratilgan paytda belgilanadi”, degan diplomat. Qanday “shartlar” ekaniga izoh berilmagan.
Avvalroq “Politico” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Blinken kelasi hafta Pekinga ketayotgani, Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashishi haqida xabar tarqatgan edi.
XXR TIV matbuot kotibi Van Venbin rasmiy Pekinda bunday tashrif bo‘yicha ma’lumot yo‘qligini aytdi.