Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bizning Prezident
10:43 / 2023-06-09

“Bizning Prezident” loyihasi muloqot maydonida bugun O‘rta Osiyo Tibbiyot Universiteti rektori Nurillo Mamasidiqov, mashhur sohibkor bog‘bon, professor Masturaxon Sayfutdinovalar bilan fikr almashamiz.

Muxbir:–Shunday qilib, prezidentlikka nomzodlarning targ‘iboti ham boshlandi. Har bir partiya o‘z nomzodi dasturidagi rejalarini aytmoqda. Natija albatta saylovda ma’lum bo‘ladi. Bugun biz u yoki bu partiya nomzodi haqida emas, umuman bizga qanday prezident kerak, degan mavzuda muloqot qilsak.

O‘rta Osiyo Tibbiyot universiteti nomi nafaqat O‘zbekiston, balki bir qator chet mamlakatlarida ham ma’lum. Aytingchi bundan bir necha yil avval shunday nufuzli universitet rektori bo‘laman deb o‘ylaganmisiz?

Nurillo Mamasidiqov, O‘rta Osiyo tibbiyot universiteti rektori:–Yo‘q, albatta. Tadbirkorlik faoliyatimni boshlagan paytim, ya’ni 8-10 yil ilgari juda  ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Tibbiyot klinikasini ochganimda xorijdan jihozlar keltirishda to‘siqlarga uchradim. Oxirgi 5-6 yilda esa jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘shandan buyon dunyoning eng mashxur kompaniya va firmalaridan zarur tibbiy texnikani bemalol sotib olmoqdamiz. Shunday sharoit yaratildiki, endi ish joyida o‘tirib kompyuter orqali shartnomalar tuzamiz, to‘lovlarni onlayn amalga oshiramiz. Hatto, tor sohalarning yetuk mutaxassislarini klinikamizga jalb qilib valyutada ish haqi to‘layapmiz. Natijada xususiy tibbiyotga ishonch oshdi. Ilgari 50 yo‘nalishda davolashga ruxsat etilgan bo‘lsa, hozir ular soni 200 taga yetdi.

 Dunyodagi mashhur universitetlarning o‘z klinikalari bor. Xorijga borganimda ularni ko‘rib havas qilardim. Mana endi shunday sharoit O‘zbekistonda yaratildi. 

Muxbir: –Uzr so‘zingizni bo‘ldim, boya ilgari tibbiyot uskunasi sotib olish muammo edi dedingiz. Pul bormidi o‘zi?

Nurillo Mamasidiqov: –Albatta mablag‘imiz bor edi. Ammo uni konvertatsiya qilishni amalga oshirish mushkul bo‘lgan jarayonligini hamma bilardi. Bunday muammolar  mana bugun butkul bartaraf bo‘ldi. Men shuni nazarda tutgan edim. 

Muxbir: –Siz kechagina Yaponiyadan keldingiz deb eshitdim.

Nurillo Mamasidiqov: –Hozirgi kunda 10 ta tibbiyot klinikamiz bo‘lib, biz klaster tashkil etganmiz. Universitetda ta’lim sifatini oshirish, davolashni takomillashtirish uchun ilg‘or xorijiy usullarni qidirib yuramiz.  Yaponiyaga tashrifimiz chog‘ida Tokioning mashxur tibbiyot universitetlari bilan malaka oshirish, mutaxassislarni Farg‘onaga jalb etish masalasida shartnomalar imzoladik. 

Muxbir: –Masturaxon, siz Farg‘onada anorchilik maktabiga asos soldingiz. Qolaversa Surxondaryo viloyatida ham juda katta maydonda anorzor tashkil etilishiga bosh-qosh bo‘ldingiz. Siz shuncha ishni bajarishga kuch va irodani qayerdan olasiz?

Masturaxon Sayfutdinova, sohibkor bog‘bon, professor: – 45 yildan buyon anorchilik bilan shug‘ulanaman. Ammo keyngi 10-15 yil davomida bog‘dorchilikning egasi bo‘lmagan. Yig‘ilishlarda paxta  va g‘alla haqida gap borar edi. Bog‘dorchilik esa yetim sohadek chetda qolardi. 2017 yilda Surxondaryoda davlatimiz rahbari anorchilikni rivojlantirish borasida topshiriq berdilar. O‘sha paytda men nafaqada, uyda edim. Prezidentimizning bu so‘zlari menga tinchlik bermadi. Farg‘ona – Quva yo‘lida 300 gektar maydonda anorzor tashkil etdik va 150 nafar oilaga bo‘lib berdik. 2018 yilda bu anorzorga tashrif buyurgan davlat rahbari anorchilik ilmini yo‘lga qo‘yish topshirig‘ini berdilar. O‘shanda Farg‘ona davlat universitetida anorchilik yo‘nalishida ochilgan bo‘limga 100 nafar talaba qabul qilindi va ular bu yil o‘qishni tugatdilar.  Keyinchalik Termiz, Guliston, Toshkent agrar universitetlarida shunday yo‘nalishlar ochildi. Tajribali bog‘bonlar bilan birgalikda anorchilik bo‘yicha 2 ta darslik yaratdik. Insonga bildirilgan ishonch unga cheksiz kuch va mustahkam iroda berar ekan. Yoshim 70 ga bordi. Lekin charchaganimni bilmayman. 

Istardimki O‘zbekiston fuqarolari o‘ziga o‘zi savol berib ko‘rsin: keyingi 5-7 yilda hayoti, taqdirida nimalar o‘zgardi. Fuqarolarni uyli, ishli, daromadli qilgan davlatimizning oqilona siyosati emasmi? Biz shunga munosib bo‘lishimiz lozim.

Surxondaryo viloyatining birgina Sherobod tumanida 5000 gektar anorzor tashkil qildik. Xolbuki 5000 emas, 5 gektar ham, hatto 50 sotix maydonni bog‘dorchilikka aylantirish odamlarning yetolmas orzusi edi. Bu armonlar shu, so‘nggi yillarda yuzaga chiqmadimi?

Muxbir: –Bugun oddiy jarayon deyapmizu aslida bir necha yil ilgari biz uchun murakkab bo‘lgan tibbiy amaliyot – qon tomirlarini kengaytiruvchi stend qo‘yish naqadar murakkab edi. Buning uchun Hindiston yoki Yevropaga borardik.

Nurillo Mamasidiqov:–Yaqinda Belorussiyadagi oliy o‘quv yurtlari bilan shartnoma tuzib keldik. Endi Farg‘onada ular bilan hamkorlikda stendlarni ishlab chiqaramiz. Shunda klasterimizda tibbiy bilim berish, ilmiy tadqiqot ishlab chiqarish va davolash jarayoni mujassam bo‘ladi. Ya’ni o‘zimiz ishlab chiqargan stendni bemorga o‘zimiz qo‘yib uni klinikamizda sog‘aytirib chiqaramiz. Natijada kafolatli davolashgina emas balki, bemor uchun harajat ikki xissaga arzonlashadi. Yana bir jiddiy voqelikka tayyormiz. Universitet klinikasida inson a’zolari: jigar va buyrakni ko‘chirib o‘tkazish uchun malakali mutaxassislar va tibbiy jihozlar shay turibdi. Shunday qilib O‘zbekistonda tibbiyot ilmi va amaliyotini yuksaltirish yo‘lida charchashga imkoniyat ham, vaqt ham yo‘q. 

Masturaxon Sayfutdinova:–Nurilloning so‘zlarini eshitib quvonib ketdim. Davlatimiz e’tiboridan chetda qolgan biron-bir soha yo‘q ekan. Davlat rahbari klasterni tashkil etib hokimiyat va fermer o‘rtasidagi sarsongarchilikka barham berdi. Ilgari har joyga yugurgan fermer bugun dalasida ishlaydi. O‘g‘it, yonilg‘i, urug‘, texnikani klaster fermer dalasiga keltirib beryapti. Bu nafaqat paxta yoki g‘allada, bog‘dorchilikda ham shunday tizim yo‘lga qo‘yilgan. Mo‘jiza ro‘y berib 15-20 yilga yosharib qolsamu, 24 soat ishlasam. Davlatimiz olib borayotgan islohotlarning faol ijrochisi va targ‘ibotchisiga aylansam.  

Nurillo Mamasidiqov: –Maqsuda opa fikringizni davom ettirsam. Men va oila a’zolarim bizning hayotimizni farovon yo‘lga olib chiqish siyosatni yuritayotgan nomzodni qalban tanlab bo‘lganmiz. Bir oddiy fuqaro sifatida shuni aytmoqchimanki, bizga, O‘zbekistonga shunday inson prezident bo‘lishi kerakki, u hozirgi islohotlarni davom ettirsin, xalq dardi bilan yashasin, har bir fuqaroning muammosiga yechim topa bilsin. Biz ana shunday nomzod uchun ovoz beramiz. 

Muxbir: –Masturaxon keling bir oz orzu qilaylik. Faraz qiling siz nomzodlardan birining ishonchli vakilisiz. Uchrashuv chog‘i saylovchi qarshisiga chiqib nima degan bo‘lardingiz?

Masturaxon Sayfutdinova:–Mening tanlagan nomzodim nafaqat ichki balki tashqi siyosatda ham bag‘rikenglik yo‘lini tanlagan odam bo‘ladi va shu haqida gapirgan bo‘lar edim. O‘zbekiston yutuqlarini dunyoning eng yirik davlatlari ham e’tirof etishmoqda. Mening Surxondaryodagi anorzor plantatsiyalarim Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan. Ba’zan afg‘onlar bilan, ba’zan xorijiy hamkorlar bilar uchrashib gaplashib turamiz. Ular doim bir so‘z – sizlarga havasimiz keladi deyishadi. Men shu iboraga izoh bergan bo‘lardim. 36 million xalqning baxtli hayoti uchun umrini bag‘ishlay oladigan inson qiyofasida ko‘raman saylanajak prezidentni. O‘zimga kelsam nomzodimni tanlab qo‘yganman. Fursatdan foydalanib barcha o‘zbekistonliklarga murojaat qilmoqchiman, 9 iyul kuni bo‘ladigan saylovda faol ishtirok etib, munosib nomzodga ovoz beraylik.  

Muxbir: –Ishtirokingiz uchun  tashakkur.

“Bizning Prezident” loyihasi doirasida siz ham o‘z fikr mulohazalaringizni bildirishingiz mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/rS9JjL-evc0" title="Bizning Prezident" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov.