“Bizning Prezident” loyihasi doirasidagi navbatdagi muloqotga Farg‘ona viloyati din ilm ahlining yetakchilaridan bosh imom-xatib Ubaydulloh domla Abdullayev, Qo‘qon shahar “Madrasai mir” masjidi imom-xatibi, shahar bosh imom-xatibi Abdulmajid domla Isaqov va Marg‘ilon shahar “Xudoyor xoji” masjidi imom-xatibi, Qur’oni Karim va tajvid fani o‘qituvchisi Ikromjon Tursunovlarni taklif etdik.
Muxbir: - Ma’lumki, xalqimiz juda muhim siyosiy voqelik arafasida turibdi. Bu albatta, prezidentlikka saylov masalasidir. Nomzodlar rasman ro‘yxatga olindi, ularning targ‘iboti ham boshlandi. Har yer, har joyda nomzodlar, ularning dasturi muhokama qilinyapti. Xo‘sh, din ilm ahli nima deb o‘ylaydi, O‘zbekistonga qanday Prezident kerak?
Ubaydulloh domla Abdullayev, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi: –Buyuk davlatga buyuk insonlar yo‘lboshchi bo‘lishi kerak. Ma’rifatli, dinparvar, millatparvar, nafaqat kelajak balki o‘tmishni ham unutmadiygan inson prezident bo‘lishidan umidvormiz. So‘nggi 6-7 yil ichida amalga oshirilgan islohotlar, xususan dinga berilgan e’tiborni sanab o‘tsak balkim bir kitobga ham sig‘mas. Bu fikrni nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo e’tirof etmoqda. Bizga mana shunday islohotchi, hamda shu kungacha amalga oshirilgan islohotlarni davom ettiradigan nomzodgina prezidentlikka munosib deb bilaman.

Tashqi kuchlar ta’siriga tushib, aqidada adashib qolgan yuzlab vatandoshlarimizni, ayniqsa ularga ergashib borgan ayollar, bolalarni yurtga qaytarib olib kelish, ularning gunohini mardlarcha kechirish uchun davlat rahbari buyuk qalb egasi bo‘lishi kerak edi. Qolaversa ularning farzandlarini ta’lim mussasalariga joylashtirish, bular mening fuqarolarim deya ijtimoiy himoyaga olish, uy-joy bilan ta’minlash – bu kabi ulug‘lik rahbarning qat’iy irodasi tufayligina ro‘y berdi. Bu bilan yana bir muhim siyosiy masalaga yechim topib berildi. Ya’ni, islom va terrorning asl qiyofasi ochildi. Islom hech qachon terrorni qo‘llamasligini, haqiqiy musulmonlar tinchlikparvar ezgu niyatli insonlar ekanligini butun dunyoga ko‘rsata oldi. Bunday amaliyotni Alloh bergan ma’rifat va buyuk qalb egasigina qilishi mumkin edi. Bizga, O‘zbekiston prezidenti lavozimiga mana shunday ma’rifatli, ma’naviyatli, xalqi va dinini sevadigan, taraqqiyot uchun hamisha fidoiy, mavjud islohotlarni to‘la-to‘kis davom ettiradigan va rivojlantira oladigan inson kerak.
Abdulmajid domla Isaqov, Qo‘qon shahar bosh imom-xatibi:
Dinimiz ma’rifat va ilm dinidir. So‘nggi yillarda Islom universiteti Islom akademiyasi deb e’lon qilindi. Buxoroda “Hadis” maktabi ochildi. Chunki islomning 9 ta sahih hadislaridan oltitasini bizning ajdodlar yaratganlar. Ularning merosini o‘rganish va o‘rgatishni tashkil etish buyuklar ruhini shod etishi shubhasiz. Bundan tashqari, Buxoroda Hazrat Naqshbandiy ziyoratgohlari majmuasi yonida Islom oliy madrasasi tashkil qilindi. “Xojagon-naqshbandiya tariqati tasavvuf maktabi”, Farg‘onada esa Burhoniddin al-Marg‘inoniy “Fikh” maktabi ham ochildi. Chunki islomda “Fikh” maktabiga asos solgan ulug‘ zot Burhoniddin Marg‘inoniy edilar. Qolaversa, yangi-yangi madrasalar, Qur’on maktablari ham ishga tushirildi. Bularni sanab adog‘iga yetish qiyin. Menimcha, O‘zbekistonning 36 milionlik xalqiga ularning quvonchini ham dardini ham meniki deb biladigan inson rahbarlikka munosibdir.

Muxbir: – Biz bugungi kun haqida gapirmoqdamiz, ammo bundan 7-8 yil avvalgi vaziyatni eslamay bo‘lmas. 2013-2015 yillar oralig‘ida bir voqea ro‘y bergandi va u xaligacha qalbimga iztirob berib keladi. Viloyat rahbarlaridan biri iftorlik bo‘layotgan xonadonga militsiya xodimlari va video kameralar bilan bostirib kirib, shom namozini buzib, imomlikka o‘tgan insonga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llagan. O‘shanda hech kim, jumladan biz jurnalistlar ham, men ham lom-lum deya olmaganmiz. Bugun bu gaplarni tazarru qilib aytyapman. Lekin endi jamiyat o‘zgardi.
Ubaydulloh domla Abdullayev: – Bugungi kunning shukronasini qilish uchun ham albatta o‘tmishni eslash kerak. Bugun va o‘tmishni taqqoslay olmasak, bugunning qadriga yetib bo‘lmaydi. Kelajakda shunday xato qilmaslik, xalqning noroziligini tug‘dirmaslik uchun ham o‘sha voqealarni albatta eslash lozim. Biz hozirgi imkoniyatlarning qadriga yetib, shukrona qilib yondoshadigan bo‘lsak kelajagimiz albatta porloq bo‘ladi. So‘nggi yillardagi islohotlarning natijalari har bir musulmonni quvontiradi. Masalan, Umra masalasini olaylik. Kvota degan cheklov mutlaqo bekor qilindi. Odamlar oila a’zolari, yaqinlari bilan borishmoqda. U yerdan esa ma’naviyati, ma’rifati sog‘lomlashib kelishmoqda. Dunyo musulmonlari bilan fikr almashib hayotga yangicha munosabati shakllanib shukronaligi ortib boryapti. Haj ibodati haqida ham shunday deyish mumkin. Bu yil 15 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz bu muqaddas ziyoratga yo‘l olmoqdalar.

Abdulmajid domla Isaqov: –O‘sha 2015 yillarda Qo‘qonda ro‘mol bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar ham ro‘y bergan edi. Bozorlarda ayollarga ro‘mollarini yechishga majbur qilindi. Bu esa xalqning davlatga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘ldi, xalq bilan davlat o‘rtasiga ziddiyat soldi. Alhamdullilah, so‘nggi yillarda siyosat keskin o‘zgardi. Dinga berilgan erkinlik doirasida ayollarimiz emin-erkin kiyinish huquqi bilan ta’minlandi. Xalqimiz esa bundan juda mamnun bo‘ldi. Ha, yaxshi kunlarga erishdik, lekin o‘tmish baribir xalqning xotirasida qoldi.
Muxbir: –Yurtimizdan ne-ne ulug‘ olimu-ulamolar chiqqan. Ular nafaqat bebaho asarlarda balki yurish-turishlarida ham jaholatga qarshi ma’rifat bilan yashashni ibrat qilib qoldirganlar.
Ikromjon Tursunov, “Xudoyor xoji” masjidi imom-xatibi: – Bu yerda ustozlar din sohasidagi islohotlar haqida gapirdilar. Shu o‘rinda diniy ta’limdagi ijobiy o‘zgarishlarni ham aytish joizdir. Islom olamining eng ulkan darg‘alari shu yurtning farzandi bo‘lgani va ularning ilmiy meroslari umumbashariy ahamiyatga egaligini O‘zbekistondagi diniy ta’lim tizimida ham ko‘rish mumkin. Nafaqat “Oliy ma’had”, balki o‘rta ta’lim islom maktablarida ham fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘qitilmoqda. Masalan, Imom Buxoriy hazratlarining “Al-adab val-Mufrad”, ya’ni odob-ahloqga oid asarlari tolibi ilmlarga o‘qitilishi fikrimizga misol bo‘la oladi. Yana bir quvonarli xol ro‘y berdi. Ta’lim maskanlari va viloyat vakilliklari qoshida “Qur’oni Karim va tajvid” o‘quv kurslari tashkil etildi. Bunday imkoniyat shubhasiz davlat rahbarining irodasi va qo‘llovi tufayligina ro‘y berishi mumkinligini yaxshi tushunamiz va yaratganga shu kunlarga yetkazganiga shukronalar qilamiz.

Muxbir: – 4 ta partiya o‘z nomzodlari dasturlarini faol targ‘ib qila boshladi. Ulardan qay birini tanlash esa qonunda ham shariatda ham saylovchining huquqidir.
Abdulmajid domla Isaqov: – Yuqorida qozi domla to‘g‘ri aytdilar. Qo‘qonda 11 ta masjid bor. Barcha imom-xatiblar jamiyatdagi siyosiy voqelikni chuqur mushohada qilib inshaolloh, oqil hulosaga kelganlar. Ular bilan bu mavzuda bir necha bor muloqotlar bo‘ldi. Bilganim shuki, ularning dunyoqarashi, siyosiy ongi boshlangan jarayondan voqifligi diniy ilmidan kam emas. Biz, jumladan, men ham xalq farovonligi, mamlakat taraqqiyotini chuqur isloh qilayotgan, dinu-diyonatimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan nomzod uchun ovoz berishga qaror qilganman. 3 nafar o‘g‘lim, kelinlarim, turmush o‘rtog‘im bilan bu masalada hamfikr ekanmiz. Biz uchun bir nasra muhim – bo‘lajak prezidentning qandayligiga xalq jumladan, mening ham taqdirim bog‘liq. Biz bugungacha olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettiradigan nomzodni qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki biz nafaqat o‘zimiz, balki xalqimiz, yurtimiz kelajagi uchun ham ovoz beramiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TB6L0Edv0XY" title="BIZNING PREZIDENT" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ikromjon Tursunov: – Yoshlarni dunyoga tanitadigan avvalo ilm. Bizga ilmli, ma’rifatli bo‘lishga shart-sharoit yaratadigan nomzodni qo‘llab- quvvatlaymiz.
Muxbir: O‘zbekistonda din va davlat bir-biridan mustaqil. Lekin bu ular bir-birini inkor qiladi degani emas. Ikkisining ham maqsadi xalqiga, vataniga ezgulik keltirishdan iborat. Shu bilan birga davlat rahbari e’tiqodli bo‘lishi va din ahkomlariga toqatli, unga itoat qiluvchi bo‘lishi bu mamlakatning, xalqning baxtidir.
“Bizning Prezident” muloqot maydonimizda fikr almashganingiz uchun sizlarga tashakkur bildiraman.
“Bizning Prezident”imiz, u qanday bo‘lishi kerak? Muloqot maydoni sizning ham fikringizni berishga tayyor.
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov