qishloq ayollari
Bu oltmish yildan buyon pilla yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan va ana shu xizmatlari uchun Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan pillachi” unvoniga sazovor bo‘lgan payariqlik Ulbuvi Tug‘onovaning g‘urur bilan aytgan gapi.
Aslida har bir ayolning oila, ro‘zg‘or uchun chekkan zahmati, farzand o‘stirishi har qancha e’tirof, e’tibor, e’zozga loyiq. Ammo hamma vaqt, hammamiz ham buni anglamaymiz, ayollar mehnati qadriga yetmaymiz. Bu yilgi eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, bir guruh samarqandliklar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Faxriy unvon olganlar qatorida Ulbuvi To‘g‘onova nomini o‘qiganimizda ushbu mukofot 81 yoshli onaxonga berilgani xayolimizga ham kelmagan edi.
Keyin viloyat hokimligida mukofotlarni tantanali topshirish marosimida birinchi qatorda o‘tirgan onaxonga, shu davraning eng yoshi ulug‘ kishisiga ko‘zimiz tushdi. Taqdirlanganlar nomi e’lon qilinib, sahnaga taklif etilgan holda ularga mukofotlar tantanali topshirildi. Tabiiyki, onaxonning nomi birinchilar qatorida o‘qildi.
Rahbarlar mukofotni Ulbuvi o‘tirgan joyga kelib topshirsa kerak, deb o‘ylab turgandik. Yo‘q, 81 yoshli onaxonning o‘zi sahnaga chiqib bordi va mukofotni ko‘ksiga taqib, bir quchoq gulni bag‘riga bosgancha o‘zi ham guldek yashnab kelib joyiga o‘tirdi.
– Tadbir boshlanishidan oldin tashkilotchilar sizga mukofotni o‘tirgan joyingizda topshirishadi, deyishdi, rad etdim – dedi onaxon marosimdan so‘ng suhbatlashganimizda. – Prezidentimiz bergan mukofotni o‘zim chiqib borib viloyatimiz hokimidan olaman, dedim. To‘g‘ri, yoshim 80 dan oshdi, qaridim, lekin mehnatdan, pilladan qariganim yo‘q. Hali ham ishlayman, ipak qurti boqa olaman. Bu yil ham kenja kelinim bilan 5 quti ipak qurti parvarishladim.
Payariq tumanida yashovchi Ulbuvi To‘g‘onovaning bolalik va yoshlik yillari boshqa tengdoshlari singari oson kechmagan. Urushdan keyingi qiyinchiliklar, og‘ir yillar mashaqqatini ko‘rgan, hayotning ko‘p sinovlarini boshidan kechirgan. Bir umr mehnat qilib, peshona teri bilan rizqini topgan, ro‘zg‘or tebratgan. Bir etak bola – 6 o‘g‘il, 3 qizni o‘stirish, uyli-joyli qilishning o‘zi bo‘ladimi? Buning ustiga hali bolalar yoshligida, oila ustuni – otaning bu dunyoni erta tark etishi ona uchun kutilmagan hayot zarbasi, og‘ir sinov edi.
– 1991 yilda otasi vafot etganda bolalarim hali yosh edi, – deydi Ulbuvi aya. – Ro‘zg‘orning tashvishi o‘zimning gardanimga qoldi. To‘ng‘ichlarim biroz katta bo‘lib qolgandi, yonimga kirdi. Har qancha qiyin bo‘lmasin, mehnat qilib ro‘zg‘or tebratishga, bolalarimni birovdan kam qilmaslikka intildim. Pillachilikdan tashqari, dalada chopiq qilish, paxta terish, bug‘doy o‘rish bilan ham shug‘ullandim. Yordam so‘rab birovning eshigida sarg‘aymadim. Farzandlarimni ham mehnatga o‘rgatdim. Ular birin-ketin voyaga yetdi. Katta o‘g‘lim, otasidek dehqon bo‘lib kam bo‘lmadi, fermer xo‘jaligi tashkil qildi. Dehqonchilikda uquvi bor ukalarini yoniga oldi. Sekin-asta hayotimiz izga tushdi. Bolalarim o‘qidi, hunarli bo‘ldi, hayotda o‘z yo‘lini topdi.
Onaxon 40 nafar nevara, 30 dan ziyod chevaralarning sevimli buvisi. 81 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, haligacha pilla yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Bu ishda kelinlariga ustoz. Tetiklikda ulardan qolishmaydi.
– Mehnat qilgan odam sog‘lom bo‘ladi, – deydi onaxon. – Farzandlarim qarigan chog‘imda ishlashimni istamasa ham salomatligim uchun qimirlab turaman. Hovlimizning to‘rida alohida pillaxona qurib qo‘yganmiz. Bu yilgi mavsumda tumanimiz hokimi kelib, pilla yetishtirish jarayonini kuzatdi. Men bilan suhbatlashdi. Ipak qurtini parvarishlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini so‘radi. Bilganimcha sir-asrorlarini gapirib berdim. 60 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, men parvarishlagan ipak qurtlarining bittasi ham nobud bo‘lmagani, shuning evaziga har yili yaxshi hosil olishimni aytdim.
Avvalgi tuzum davrida ham ko‘p yil mehnat qilganmiz, ro‘zg‘or tebratganmiz. Noshukurlik qilmayman, shunga yarasha haq to‘landi, ammo bugungidek e’tibor yo‘q edi-da. Mehnatku mayli, odamning ham qadri yo‘q edi. Bugun endi zamon o‘zgardi. Rahbarlar odamlarni so‘rayapti, o‘zlari kelyapti. Mehnat qilgan odam qadr topyapti. Bu ishlarning boshida albatta, Prezident turibdi. Kuyinib gapirganlarini televizorda ko‘raman. Qani endi boshqa rahbarlar ham shu insonga o‘xshab odamlar tashvishi uchun qayg‘ursa, deyman.
O‘tgan yili “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” degan nishon berishgandi. Bu yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” unvoni bilan siylashdi. Qarang, bir umr hech kim so‘ramagan momoga shu yoshimda shuncha hurmat-e’tibor. Odaning ishongisi kelmaydi. Gohida shirin tush ko‘ryapmanmi, deyman o‘zimga o‘zim. Lekin bu tush emas, haqiqatligini bilib, quvonganimdan, yuragim to‘lib ketganidan to‘yib-to‘yib yig‘layman.
Mukofotni olib kelganimdan keyin uyimiz to‘yxonaga aylandi. Tabriklamagan, so‘ramagan odam qolmadi. Hammalarini duo qildim. Bu sabr-matonat va mehnatning mevasi ekanligini aytdim. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr.
G‘olib Hasanov, O‘zA