Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Biznesni rivojlantirish banki” “Yangi bank” omonatchilariga kompensatsiya to‘lashni boshladi
17:41 / 2026-01-29

O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki “Yangi bank” aksiyadorlik jamiyati omonatchilariga kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish yuzasidan agent-bank sifatida belgilandi.

2026 yil 29 yanvar kuni daryo.uz internet nashri studiyasida o‘tkazilgan brifingda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov bugundan qonunchilikda belgilangan tartibda omonatchilarga kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish boshlanganini ma’lum qildi. 

Qonunchilikka muvofiq, 200 million so‘mgacha bo‘lgan kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari Omonatlarni kafolatlash agentligi mablag‘lari hisobidan mazkur bank orqali to‘lab beriladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami kafolatlangan omonatlar bo‘yicha 31 507 nafar omonatchiga 208 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanishi rejalashtirilgan. Bu Yangi bank omonatchilarining 98,7 foizini qamrab oladi.

Omonatchilar kesimida aytib o‘tadigan bo‘lsak, 31 327 nafar jismoniy shaxsga – 205 milliard so‘m, 126 nafar yuridik shaxsga – 2 milliard 900 million so‘m hamda 54 nafar Yakka tartibdagi tadbirkorga – 261 million so‘m to‘lab beriladi. 

Brifingda qayd etilganidek,  kompensatsiya to‘lovlari omonatchilarni qonunchilikka muvofiq identifikatsiyadan o‘tkazgan holda amalga oshiriladi. Jumladan ularga omonatchilar reyestridagi o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishib, so‘ngra kompensatsiya to‘lovlarini olish imkoniyati yaratiladi. 

Jismoniy shaxslar kompensatsiya to‘lovlarini “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning “BRB mobile” ilovasi orqali onlayn tarzda bank kartalariga o‘tkazishi yoki agent-bankning jamg‘arma omonatiga joylashtirishlari mumkin.

Shuningdek, kompensatsiya mablag‘larini agent-bankning hududlardagi istalgan bank xizmatlari markazlaridan naqd pul shaklida olishlari mumkin. 

Bunda jismoniy shaxslar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurishlari lozim yoki belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan ishonchnoma bilan o‘zlarining ishonchli vakillarini yuborishlari kerak bo‘ladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga kompensatsiya to‘lovlari mazkur bankning hududlardagi bank xizmatlari markazlariga tashrif buyurish orqali mazkur bankning o‘zida hisob raqam ochish yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB  rasmiysi kompensatsiya to‘lovlarini olish uchun omonatchilardan hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab etilmasligini ta’kidladi.

Qonunchilikka muvofiq, omonatchilar agent-bank tomonidan kompensatsiya to‘lanishi asossiz kechiktirilganligi faktlari to‘g‘risida Omonatlarni kafolatlash agentligiga xabar berishlari mumkin. 

Brifingda to‘lov jarayonining borishi holati bo‘yicha ham axborot berildi. 2026 yil 29 yanvar soat 16.00 holatiga jismoniy shaxs bo‘lgan 1 220 nafar mijozga 100 mlrd so‘mdan ortiq omonat mablag‘i to‘lab berildi.

Bank axborot xizmati