“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Sergeli bank xizmatlari markazida “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Korrupsiyaning jamiyatdagi sog‘lom qadriyatlarga, jamoadagi ishchanlik muhitiga va bankning mijozlar oldidagi imijiga salbiy ta’siri haqida atroflicha so‘z yuritildi. Shuningdek, bankning “Komplayens nazorat” xizmati mas’ul xodimlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
Qayd etildiki, bankda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, shartnomaviy munosabatlar va xaridlarda shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mutasaddi davlat organlari bilan faol hamkorlik olib borilmoqda.

– Bank tizimida korrupsiyaga qarshi menejment tizimining joriy etilgani bank faoliyatida xatarlar xavfini kamaytiradi, manfaatdor tomonlar (aksiyadorlar, hamkorlar, mijozlar, investorlar, qolaversa, jamoatchilik) oldida oshkoralik va ishonchlilikni ta’minlaydi, tashkilot va manfaatdor tomonlarni korrupsiyaning salbiy oqibatlaridan himoyalaydi, muassasaning ushbu yo‘nalishda amaldagi qonunlarga muvofiq ishlayotganini namoyon etadi, – deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Korrupsiyaga qarshi kurashish maxsus boshqarmasi boshlig‘i Aktam Toshqulov. – Xususan, hozirda 2 ming 733 nafar xodim Huquqni muxofaza qilish akademiyasi platformasida o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv seminarlarida barcha xodimlar ishtirok etdi.

Bank tizimida amalga oshirilgan samarali chora-tadbirlar natijasida Bosh bank, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Yakkasaroy BXO ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yuqori lavozimdagi 23 nafar xodim “CERT akademy”da korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus o‘quv kursida o‘qitildi. Ularga ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi xalqaro sertifikati berildi. Bundan tashqari, “Komplayens nazorat” departamentining 18 nafar xodimida ham ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi menejment tizimi xalqaro sertifikatlari mavjud

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ullari tomonidan hamkorlikdagi ishlarga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etilib, unda Biznesni rivojlantirish banki tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Odob-ahloq kodeksi, Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida nizom, Aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida reglament, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti kabi ichki me’yoriy hujjatlar puxta ishlab chiqilgani alohida ta’kidlandi.

Tadbir savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA