“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev Farg‘ona vodiysida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqotlarda ishtirok etdi. Bunday tadbirlar Andijon, Namangan va Marg‘ilon shaharlarida tashkil etildi.
Uchrashuvlarda Savdo-sanoat palatasi, Kadastr agentligi va mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan birgalikda tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan masalalarga ijobiy yechimlar berildi.
Muloqotlarda asosiy e’tibor yangi ish o‘rinlari yaratishga doir biznes loyihalarini moliyalashtirish, bank kreditlaridan maqsadli foydalanish, tijorat yer uchastkalarini rasmiylashtirish va kadastr hujjatlari bilan bog‘liq masalalarga qaratildi.

Bank rahbari “Biznesni rivojlantirish banki” davlatimiz rahbarining qarori bilan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturining asosiy tayanch banki etib belgilanganini ta’kidlab, bank har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib tadbirkorlarni moliyaviy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalarning aksariyati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Shuningdek, Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisining o‘rinbosarlari ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda mahalliy tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Xududlarda bo‘lib o‘tgan muloqotlarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar hamda g‘oyalar asosida loyihalar tayyorlab, amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq va manzilli choralar ko‘rish yuzasidan vazifalar belgilandi.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida mutaxassislar tomonidan bank mahsulotlari va ulardan foydalanish shartlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Bank axborot xizmati