English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Biznesni rivojlantirish banki" ko‘magida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportga yo‘l olmoqda
14:17 / 2025-08-19

“Uzagrostar xolding” kompaniyasi va “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish: eksport salohiyatini oshirishda yangi bosqich” mavzusidagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda  

“Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda tomorqachilik va dehqonchilikni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab bergani ta’kidlandi.

[gallery-24822]

–Mazkur farmon va qaror asosida Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha Kengash, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va uning muassisligida 16 ta ixtisoslashgan kompaniya tashkil etildi, – deydi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muhiddinov. –  

Har bir filial ma’lum qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan va ular 16 ta bazaviy hamda 54 ta qamrab olingan tumanlarda faoliyat olib bormoqda. “Uzagrostar xolding” kompaniyasining asosiy vazifasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish va eksportini rivojlantirish hisoblanadi. Buning uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilmoqda.  

Kompaniya ularga tuproq tahlilidan tortib, eksportgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda yaqindan ko‘mak bermoqda. O‘tgan davr mobaynida hududiy filiallarga biriktirilgan tumanlarda 101 ming gektar yer maydonida ixtisoslashgan mahsulotlar ekilishi ta’minlandi. 16 ta Agrostar kompaniyalari tomonidan 693 gektar yer maydonida qiymati 608 milliard so‘mlik 20 ta zamonaviy innovatsion loyiha amalga oshirilishi belgilab olingan. Hozirda 8 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan.

Sohaga ilg‘or xorijiy va mahalliy ta’lim muassasalari, yuqori malakali agronom, texnolog, marketolog, usta-dehqonlarni jalb etish bo‘yicha Yangiyo‘l, Qo‘shrabot, Quva, Beruniy, Bulung‘ur, Oltiariq, Asaka, Denov, Toshkent va Mirzacho‘l Agrostar ixtisoslashgan kompaniyalari tomonidan 15 nafar xorijiy mutaxassis bilan shartnomalar imzolanib, agrokonsultant sifatida ishga olingan.

Hozirda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi Turkiyadan 7 nafar, Yaponiya, Belarus, Polsha, Serbiya, Xitoy, Italiya, Tunis hamda Fransiya davlatlaridan 1 nafardan jalb qilingan mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

–Agrostar kompaniyalari tomonidan 7 ta ixtisoslashgan kompaniya va loyiha ofislarida Tomorqa maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, –deydi “Biznesni rivojlantirish banki” ATB birinchi o‘rinbosari Oybek Vohidov. – Xususan, “Yangiyo‘l – Agrostar” hamda “Asaka – Agrostar” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan Tomorqa maktabi, “Oltiariq – Agrostar” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan esa Uzumchilik maktabi tashkil etildi.

Aholi uchun arzon va sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 8 ta ixtisoslashgan kompaniya tomonidan uzoq muddatli lizing asosida umumiy qiymati 5,3 milliard so‘m bo‘lgan 18 ta yuqori unumli, zamonaviy qishloq xo‘jaligi transport vositalari xarid qilindi.

Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga biriktirilgan “Yangiyo‘l – Agrostar” MCHJ faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning dastlabki amaliy natijalari haqida ham axborot berildi.  

Tadbir davomida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shahnoza Mamaturopova,

O.Pardayev (surat),

O‘zA