Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlari biznes forumi doirasida “Biznesni rivojlantirish bank” ATB va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 30 mln. yevro miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratishni nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Kelishuv shartlariga binoan, tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha munosabatlarni rivojlantirish, xususan, ayollar tadbirkorligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish va shu bilan birga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tizimida xodimlarni o‘qitish va malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha strategik hamkorlik o‘rnatilishi nazarda tutilgan.
Fransiya taraqqiyot agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorligiga Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning noyabr oyida Parijga bo‘lgan rasmiy tashrifi chog‘ida asos solingan. Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025 yilgacha bo‘lgan strategik hamkorlik dasturi imzolandi. Dasturga muvofiq qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori va transport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun: Fransiya taraqqiyot agentligi 1941 yilda tashkil etilgan, davlat moliya instituti bo‘lib, bosh qarorgohi Parijda joylashgan. 85 ta xorijiy vakolatxonalarga ega tashkilot faoliyati Fransiyaning xorijdagi hududlarida va 115 ta davlatda iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillik, gender tengligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda to‘rt mingdan ortiq loyihani amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
M.Qosimova, O‘zA