O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan “Aholiga taqdim etilayotgan chakana xizmatlar: sarhisob va rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda bank boshqaruvi rahbariyati, mijozlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida so‘nggi yillarda bank tizimi aholi uchun qulay, ishonchli va raqobatbardosh sohalardan biriga aylanib borayotgani qayd etildi. Joriy yilning 15 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish va bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotda qayd etilgan natijalar ham buni tasdiqlaydi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yetti yilda tijorat banklari aktivlari 5,3 barobarga o‘sib, 877 trln. so‘mdan oshdi. Banklar soni 35 taga yetdi, shuningdek, 2017 yildan buyon O‘zbekistonda 3 ta xorijiy bank faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa aholi uchun zamonaviy xizmatlar jozibadorligini oshirib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirdi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB ham ushbu tendensiyalarga mos ravishda mijozlar uchun yangi mahsulot va qulay xizmatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada bankning Chakana biznes departamenti direktori Umid Alimov tomonidan taqdimot qilindi. Qayd etildiki, bankning 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasi uch asosiy yo‘nalish: mijoz, mahsulot va kanallarga tayanadi. Ayni taqdimotda esa asosiy e’tibor mahsulotlar yo‘nalishiga qaratildi.
Bugungi kunda respublika bo‘ylab bankning 1 ta ipoteka markazi, 60 ta xizmat ofislari va markazlari, shuningdek, 539 ta bankomati aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Faqat 2025 yilning o‘zida 24 ta yangi xizmat joriy etilishi natijasida chakana mahsulotlar soni 49 taga yetkazildi. 2025 yil 1 dekabr holatiga chakana kreditlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 83 foizga o‘sib, 3 trln. 949 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan kreditlar esa 255 foizga o‘sib, 1 trln. 126,4 mlrd. so‘mga yetdi.
Onlayn xizmatlar bo‘yicha ham yuqori o‘sish qayd etildi. Xususan, onlayn mikroqarzlar hajmi 93 foizga oshib, 80,3 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Shu bilan birga, omonatlar qoldig‘i 94 foizga o‘sib, 3 trln. 850 mlrd. so‘mga yetdi. Onlayn omonatlar hajmi esa 387 foizlik o‘sish bilan 268 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Bank kartalari emissiyasida ham sezilarli o‘sish kuzatilib, 2025 yil davomida 152 mingdan ortiq HUMO, 118 mingdan ziyod UzCARD va 41 mingdan ortiq Visa kartalari muomalaga chiqarildi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi ham oshdi: agar 2024 yilda bu ko‘rsatkich 322,7 mln. AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida 522,9 mln AQSH dollariga yetdi. Anjumanda, shuningdek, “BRB Mobile” ilovasi hamda “Mening Buyurtmam” platformasi imkoniyatlari, yangi “Chempion” va “Sherdor” kartalari, shuningdek 2026 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
– So‘nggi yillarda bank sohasida islohotlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifat va imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilandi, – deydi Biznesni rivojlantirish banki Chakana biznes bosh direktori Feruz Xo‘jayev. – Tijorat banklari aktivlari 5,3 barobar o‘sdi, bu esa mijozlar uchun xizmatlarning barqaror va ishonchli bo‘lishiga asos yaratdi. Shu bilan birga raqamli xizmatlar rivojlanishi aholiga qo‘shimcha qulayliklar taqdim etdi. Joriy yilda 24 ta yangi mahsulot va xizmatlar joriy qilindi. Shu jumladan, kredit mahsulotlari, omonatlar, bank kartalari, xalqaro pul o‘tkazmalari va SWIFT xizmatlari mavjud. Bu o‘z navbatida, mijozlar uchun keng tanlov imkonini beradi va raqobatbardosh muhitni ta’minlaydi. “BRB Mobile” ilovasi orqali mijozlar soni 682 mingdan oshdi, amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 5,95 mln. tani tashkil qilib, ularning umumiy miqdori 4,65 trln. so‘mga yetdi. Shu bilan birga onlayn mikroqarzlar va omonatlarda ham sezilarli o‘sish qayd etildi. Bu raqamli xizmatlar orqali aholiga yanada qulaylik va ishonch yaratishga erishdik. Aholi tadbirkorligi uchun ajratilgan kreditlar hajmi 255 foizga o‘sdi va 1 trln. 126,4 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, 2026 yilda aholi uchun yangi mahsulotlar va raqamli loyihalar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA