Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Biznesni rivojlantirish banki" ATB tizimida faoliyat turlarini raqamlashtirish va inson omilini bartaraf etish masalalari ko‘rilmoqda
16:09 / 2023-12-04

"Biznesni rivojlantirish banki" ATB Sergeli bank xizmatlari ofisida "Aksilkorrupsiya oyligi" doirasida “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni”ga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

Tadbirda "Biznesni rivojlantirish banki" ATB  tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida faoliyat turlarini raqamlashtirish va inson omilini bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.  

Shuningdek, bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilgan ishlarning asosiy maqsadi xodimlarda korrupsiyaga, uning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish ekanligi ta’kidlab o‘tildi.  

Ushbu vazifalarni amalga oshirish bankda tashkil etilgan Komplayens nazorat departamentiga yuklatilgani qayd etildi.  

– Bankimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, ushbu illatga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda, – deydi "Biznesni rivojlantirish banki" ATB  Komplayens nazorat departamenti direktori Jamol Yusupov. – Xususan, bankimizda ishonch telefonlari orqali xabarlar qabul qilinmoqda. Hozirda korrupsiya xatarlar bo‘yicha xabarlar kelib tushgan. Buni xodimlarimiz joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Unda korrupsion xatarlar emas, etika qoidasining buzilish, amaldagi tartibga rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi. Bankda barcha risklarni (xatar) aniqlash, baholash, firibgarlik holatlarini oldindan aniqlash hamda bankning barcha operatsiyalaridagi risk (xatar) darajasini onlayn rejimda nazorat qilish jarayonlarini avtomatlashtirish, xodimlarning xatti-harakatlari va ular tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari ustidan nazorat tizimini takomillashtirish ishlari amalga oshirildi. Bir qancha yangi ichki idoraviy hujjatlar ishlab chiqildi, mavjud hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.  

[gallery-14884]

Tadbirda bank tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida mijozlar tomonidan tezkor xabar berish imkonini beruvchi aloqa kanallari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalar yaratilgani alohida qayd etildi.

Shahnoza Mamaturopova,

Nosir Haydarov (foto), O‘zA