So‘ngi yillar davomida yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, biznes huquqiy himoyasi va tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan zarur, o‘rinli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Bizning muhim vazifamiz – kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat. Nega deganda, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi».
Zotan, mamlakatda ishlab chiqarish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash milliy iqtisodiy istiqbolning garovi sanaladi.
Qayd etilgan dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatidagi sho‘basiga 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida tadbirkorlik subyektlaridan 87 ta murojaatlar kelib tushdi, shundan 64 tasi ko‘rib chiqilgan, murojaatlarning 27 tasi qanoatlantirilgan, 29 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 10 tasi tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun boshqa organlarga yuborilgan, 13 ta murojaat ijrosi ko‘rib chiqilmoqda.
Misol uchun, Biznes-ombudsmanga «Autsorser-Agro» (nomi o‘zgartirilgan) MCHJ rahbari tomonidan Qiziltepa tumanidagi maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib, qilgan murojaatini o‘rganish natijasida ko‘rsatilgan xizmat uchun yuzaga kelgan 886,5 million so‘m qarzdorlik tadbirkorga to‘lab berilishi ta’minlandi.
Yoki, «NAVOIY» MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbarining ortiqcha hisoblangan soliq yig‘imi bekor qilinishida amaliy yordam so‘rab, yo‘llagan murojaatini o‘rganish natijasida jamiyatga ortiqcha hisoblangan 36 mln. so‘m miqdordagi yig‘im summasi bekor qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida davlat idora va tashkilotlariga 41 ta huquqiy ta’sir choralari qo‘llanildi.
«Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari kecha-yu kunduz qabul qilinib, hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, business.gov.uz «Tadbirkorlar virtual ofisi» axborot portali orqali bugungi kun holatiga tadbirkorlik subyektlaridan jami 92 ta murojaat, 118 ta masala kelib tushgan. Shundan, 70 tasi ko‘rib chiqilgan, 22 tasi ko‘rib chiqish jarayonida, ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 28 tasi qanoatlantirilgan, 42 tasiga tushuntirish berilgan.
Joriy yilning 3 oyida Navoiy viloyatida 12 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 1 506 ta tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida 5 ta nazorat organi tomonidan 54 ta holatda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlangan.
Qonunbuzilish holatlari bo‘yicha nazorat organlarining 14 nafar mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash maqsadida nazorat organlarining 226 nafar mansabdor shaxsi ishtirokida 8 ta o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tekshirishlarni o‘tkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida nazorat organlarining 257 nafar xodimi attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 131 nafari tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishda yetarli malakaga ega deb topildi.
«Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» davomida tadbirkorlikni rivojlantirish, biznesning huquqiy himoyasi kabi ustuvor vazifaning ijrosini ta’minlash yo‘lida funksional tizimli, amaliy ishlar davom ettiriladi.
Bekzod Mirzayev,
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatidagi sho‘basi bosh inspektori.