Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili qanday ishlaydi?
16:43 / 2025-12-17

Adliya vazirligi tomonidan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili mazmun-mohiyatini aholi va tadbirkorlarga tushuntirish, davlat xizmatlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangiliklar va yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Davlat xizmatlari markazlari davlat va biznes o‘rtasida ishonchni mustahkamlovchi samarali va qulay xizmat ko‘rsatish  maydoniga aylangan. Shu munosabat bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda ma’muriy va soliq yuklamalarini kamaytirishga qaratilgan qator muhim yangiliklar joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, biznesni boshlash jarayonida davlat xizmatlarini kompleks ko‘rsatish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish maqsadida 2025 yil 14 noyabrda “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.

Farmon tadbirkorlarning ma’muriy xarajatlarini 90 milliard so‘mgacha qisqartirish, shuningdek, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonida 15 kungacha vaqtni tejash imkonini beradi.

 2026 yil 1 yanvardan boshlab “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida bir qator xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, elektron raqamli imzo berish, bank hisob-varaqlarini ochish va faollashtirish, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarga ariza topshirish, ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini olish, onlayn nazorat-kassa mashinalarini xarid qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, yuridik shaxs rahbarini “Yagona milliy mehnat tizimi”da hisobga qo‘yish imkoniyati yaratiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi. Tadbirkorlik sub’ektlarining birlamchi ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, ushbu o‘zgarishlar guvohnomalar, litsenziyalar va ruxsatnomalarga idoralararo elektron hamkorlik orqali avtomatik va bepul kiritiladi. 

2026 yil 1 martdan boshlab litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Farmon bilan joriy etilayotgan yangiliklar tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, biznesni tez va  oson boshlash hamda ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga xizmat  qiladi.

N.Abduraimova,

O‘zA