Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznesni 15 daqiqada boshlash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi
12:17 / 2026-02-13

Sirdaryoda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va davlat xizmatlarini yanada qulaylashtirish maqsadida Prezidentning 2025-yil 14-noyabrdagi “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmoni asosida seminar tashkil etildi.

Seminar Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi, Kadastr va Soliq idoralari hamkorligida o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishib, yangi qonunchilik va davlat xizmatlari sohasidagi yangiliklar bilan tanishdilar.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga kiritilgan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili tadbirkorlarga davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida qator xizmatlarni bir vaqtning o‘zida ko‘rsatish imkonini beradi. Bu tadbirkorlik faoliyatini sezilarli yengillashtirib, vaqt va ma’muriy xarajatlarni kamaytiradi.

– Endi tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida quyidagi xizmatlarni bir vaqtning o‘zida amalga oshirishi mumkin, – deydi Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Aziz Mavlonov. – Elektron raqamli imzo kalitini olish, bank hisobvaraqlarini ochish va faollashtirish uchun ariza topshirish, ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar olish, ijara shartnomasini rasmiylashtirish, QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish, onlayn nazorat-kassa mashinalarini xarid qilish va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni yaratilgan.

Seminar davomida ishtirokchilarga Farmonning asosiy yo‘nalishlari, elektron xizmatlar orqali ro‘yxatdan o‘tish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank hisobvaraqlari va nazorat-kassa mashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yangi qulayliklar batafsil tushuntirildi. Shuningdek, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk huquqlari hamda qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va biznesni tez, samarali hamda zamonaviy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatlari haqida keng ma’lumotga ega bo‘lishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri