French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznesingiz rivoji kayfiyatingizga bog‘liq
11:00 / 2026-02-11

Biznes va iste’molchilar kayfiyatini kuzatish, o‘rganish Markaziy bank faoliyatida tasodifiy yo‘nalish emas. Narxlar barqarorligini saqlash, inflyatsiyani nazorat qilish, iqtisodiy faollikni baholash, pul-kredit siyosatini belgilovchi Bosh bankka chikora deysiz?

Ekspertlarning aytishicha, talab va taklif muvozanati, ishlab chiqarish quvvatlari holati, biznes faolligining pasayishi yoki o‘sishi, inflyatsiyaning kelgusi yo‘nalishini oldindan ko‘rishda shu kayfiyat va kutilmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, buyurtmalar qisqarsa, talab susayadi, bu esa inflyatsiya bosimining kamayishiga ishora qiladi. Ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq ishlasa, taklif cheklanadi va narxlarga bosim ortadi.

Iqtisodchilar iqtisodiy qarorlar faqat “quruq raqamlar”ga emas, balki odamlarning kutilmalari, ishonch va hadiklariga tayangan holda qabul qilinishini isbotlab berishgan. O‘zimizdan qiyos: agar biz ertangi kunga ishonmasak, pulimizni hech narsaga sarflamaymiz, hech qayerga tikmaymiz, oladigan narsamizni keyinroq muddatga surib turamiz. Biznes ham deyarli shu taxlit ish tutadi, qarorni bozordagi holat va uning ruhiyatga ijobiy yoki salbiy ta’siri ostida qabul qiladi. 

Shu taxlit kayfiyat va ishonch iqtisodni harakatga keltiruvchi muhim kuchga aylanadi. Odamlar iqtisodni raqamlar bilan emas, o‘zaro suhbatlar, ommaviy kayfiyat orqali his etadi, sezadi.

Binobarin, Markaziy bankning keyingi yillardagi monetar siyosatida inflyatsion kutilmalar, ishonch indeksi, biznes kayfiyati hal qiluvchi kuchga aylandi.  Regulyator o‘z siyosatida odamlar nimani gapirayotgani, nimani ta’kidlayotgani, gapirish ohangini e’tiborga ola boshladi va inflyatsiyani jilovlashda eng kuchli instrument sifatida foiz stavkasi bilan bir qatorda ishonchli kommunikatsiyani ham tan oldi.

Inflyatsiya sharoitida Markaziy bank tomonidan olib boriladigan kommunikatsiya, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalarini boshqarishda muhim o‘rin tutadi. Bu kutilmalarni “langarlash” uchun Markaziy bank inflyatsiya maqsadlari, joriy vaziyat sabablari va erishilgan natijalarga alohida e’tibor qaratilgan xabarlarni aniq va tushunarli tilda yoya boshlaydi. Bunday kommunikatsiya press-relizlar, matbuot anjumanlari va bozor ishtirokchilari bilan muntazam muloqotlar orqali amalga oshiriladi. Natijada Markaziy bank inflyatsiya nazorat ostida ekanini ko‘rsatib, spekulyativ xatti-harakatlarni cheklovchi, ya’ni inflyatsiyani tezlashtiruvchi, bozorda noaniqlikni oshiruvchi, narxlarning asossiz o‘sishi, ishonchni susaytiruvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rib, mavhumlikni kamaytiradi, monetar siyosatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.

Biznes va iste’molchilar kayfiyati so‘rovlari foiz stavkasini belgilashda ishlab chiqarish quvvatlari, kreditga ehtiyoj, moliyaviy sharoitlar, biznes kutilmalari kabi ma’lumotlar bilan uyg‘un holda tahlil qilinadi.

Markaziy bank jahon tajribasidan kelib chiqib iqtisodiyotning hududiy va tarmoq kesimidagi tuzilmasini, so‘nggi oylardagi davlat siyosati va institutsional islohotlarning biznesga ta’sirini, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini, faollikka to‘siq bo‘layotgan omillarni o‘rganadi. Shu orqali biznesning qisqa va o‘rta muddatdagi kayfiyati, shuningdek, davlat iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan ishonchi baholanadi. 

Makroiqtisodchilar fikricha, savollar malakali saviyada tuzilgan bo‘lib, joriy iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish, uning yo‘nalishlari bo‘yicha muayyan tasavvur hosil qilish mumkin. So‘rovlar hududlardagi iqtisodiy faollik, tadbirkorlik muhiti, energiya iste’moli hajmi o‘zgarishi, yuk tashish hajmlari, mehnat bozori va soha istiqbollarini aniqlovchi savollardan tashkil topgan.

Har bir savolga uchtadan javob variantlari biriktirilgan bo‘lib, to‘ldiruvchilar bir paytning o‘zida ulardan bir yoki bir nechtasini tanlashi mumkin. Natijalar har bir javob variantini tanlaganlar sonini umumiy javoblar soniga bo‘lish va alohida guruhlar bo‘yicha vaznli koeffitsiyentlar qo‘llash orqali umumlashtiriladi. So‘ng ma’lumotlar taqsimot qoidalari asosida tahlil qilinib, o‘rtacha ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanadi.

So‘rovlar aholi va biznesning fikrlarini aniqlash, talab va takliflarini baholash, kelgusi rejalarni aniqlab olish, umuman iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni shakllantirishda, uning yo‘nalishlari va samaradorligini ta’minlashda asosiy instrument hisoblanarkan, bu jarayonning samaradorligi ko‘p jihatdan ishtirokchilar soniga bog‘liq. Binobarin, so‘rov qancha ko‘p ishtirokchini qamrab olsa, statistik ishonch va aniqlik darajasiga shunchalik ijobiy ta’sir qiladi, bozordagi vaziyat va aholi fikri realroq namoyon bo‘ladi. Natijada Markaziy bank va boshqa institutlarga inflyatsiya, talab va taklif dinamikasini aniq va tez baholash imkoni tug‘iladi. Lekin Markaziy bank so‘rovni o‘tkazar ekan, unda tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini kengroq qamrab olish va reprezentativlikni, ya’ni tanlab olingan ma’lum bir guruhning fikrini ko‘pchilik fikriga mos tushishini anglatishga e’tibor berilganini ta’kidlaydi. 

So‘rovnomalar tahlillaridan ma’lum bo‘lishicha, biznes kayfiyat so‘rovlarida ikki mingdan ortiq kishining (aniq son muhim!) ishtirok etgani umumiy tarzda ko‘rsatilsa-da, respondentlarning sohalar, hududlar va biznes turlari bo‘yicha taqsimoti ochiq berilmaydi. Bu omillar reprezentativlik sifatiga ta’sir qiladi. 

Shu bilan birga, konsistentlik, ya’ni mantiqiy izchillik, avvalgi so‘rovnomalar xulosalari bilan muqoyasa, чуқур tahlil va ishonchlilik biznesning boshqa vakillarini ham so‘rovda qatnashishga rag‘batlantiradi.

So‘rovlarda kichik va o‘rta biznes sohalari keng qamrab olinishi, xususiy tadbirkorlarning chetda qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Tahlil chog‘i biznes vakillari охирги bir-ikki haftadagi muammo (masalan, elektr uzilishi yoki yonilg‘i narxining oshishi) tufayli butun 3 oylik kayfiyatni sun’iy ravishda yomonlashtirib ko‘rsatishi, korxonasi hozir yaxshi ishlayotgan bo‘lsa ham, «ertaga yomonlashadi», degan qo‘rquvi javoblarga ta’sir qilishi mumkinligini e’tibordan soqit qilmaslik zarur. 

Xo‘sh, Markaziy bankning so‘rovnomalarida biznes kayfiyati haqidagi so‘rovnomalari tahlilida nimalarni ko‘ryapmiz va nimalarni ko‘rmayapmiz?

2025 yilning II va III choraklari bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirkorlik muhiti so‘rovlarida ishbilarmonlarning 60 foizdan ortig‘i biznes muhitni yaxshilangan, deb baholagan. Bu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yil davomida barqaror saqlanib kelayotgani alohida ta’kidlangan.

II chorak tahlilida iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari o‘sishda ekani qayd etilgan bo‘lsa, III chorakda aksar ko‘rsatkichlar “o‘zgarishsiz saqlandi” degan ta’rif bilan cheklangan. Bu barqarorlik belgisimi yoki o‘sish sur’atlarining sekinlashuvimi – tahlil bu savolga aniq javob bermaydi. Chetdagi odamga aniq va ishonchli fikr muhim.

Shuningdek, mehnat bozori, bandlik va kreditlar bo‘yicha ma’lumotlarda ham izoh talab qiladigan jihatlar mavjud. Ayrim hududlarda quvvatlardan foydalanish oshgan bo‘lsa, nega bandlik bir xil o‘smagan? Qarz majburiyatlari qisqargani holda, nega kreditga ehtiyoj ortishi kutilmoqda? Bu savollar ochiq qolmoqda.

Tahlillarni ommaga yetkazish – shunchaki axborot ulashish emas. Bu jamiyatda ishonch muhitini shakllantirish, muammolarni yashirmasdan ochiq muhokama qilish, qarorlar sifatini yaxshilash va biznes uchun aniq oriyentir berish, mishmishlarga qarshi kurash, tadbirkorning ovoziga quloq solish demakdir.

Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, fikr-mulohaza, raqamlarga boy tahlilni o‘qish, tahlil qilish uncha-muncha odamga og‘irlik qiladi. Ammo tadbirkorlar fikrini umumlashtiruvchi tahlillar ekran yuzida qolib ketmay keng ommaga kommunikatsiyaning turli kanallari orqali turli soddalashtirilgan shakllarda yetkazib borilsa, kutilgan maqsadga erishish mumkin. 

Asqar Mahkamov, ekspert.