Mamlakatimizda keyingi vaqtlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Chunki, ularga yaratilayotgan imkoniyat va davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bunga zamin yaratmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 18 avgustda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari ijrosi doirasida, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “uzluksiz xizmatlar zanjiri”ni yaratish maqsadida “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki huzurida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil qilinib, jamg‘arma qoshida hududlarda “Kichik biznesga ko‘maklashish markaz”lari tashkil qilindi.
Namangan viloyatida ham “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida tadbirkorlik sub’ektlarini rivojlantirish loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha Biznesni rivojlantirish banki hamda Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tasdiqlangan dasturda ishtirok etish uchun Namangan viloyatidan 14,5 mingdan ziyod tadbirkorlar tomonidan 18,9 ming ariza kelib tushdi, – deydi Namangan viloyati “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Rahimjon Abduhalimov. – Shundan, o‘zini o‘zi band qilgan 6,4 ming fuqarodan yangi tadbirkorlikni boshlash hamda 3,3 ming tadbirkor o‘z faoliyatini kengaytirish yuzasidan takliflar bildirdi.
O‘tgan 2024 yil davomida 3 ming 500 ta tadbirkorlik sub’ekti vakillari qisqa o‘quv kurslarida o‘qitilib, 3 ming 400 nafar ishbilarmonga imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan sertifikatlar berildi. Dastur ijrosi bo‘yicha berilayotgan to‘qqizta moliyaviy instrumentdan asosan viloyatda 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar bo‘yicha arizalarni tashkil etdi.
Ajratilgan kreditlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, 872 tasi ishlab chiqarish, 739 tasiga xizmat ko‘rsatish, 565 tasi qishloq xo‘jaligi va 433 tasi ta’lim yo‘nalishini tashkil etdi. Buning natijasida esa, hozirgi kunga qadar o‘zini o‘zi band qilib kelgan 677 nafar tashabbuskor tarafidan yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilishiga erishildi. Hududlarda faoliyatini boshlagan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, xususiy korxonalarda 8 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Kichik biznesga ko‘maklashish markazi tomonidan o‘tgan yili jami 6 ming 236 nafar tadbirkorga konsultativ xizmatlar ko‘rsatildi. Shu jumladan, ishbilarmonlarga biznes rejalari ishlab chiqish, dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirish tartiblari, moliyaviy hisobotlarni tuzatish va boshqa shunga o‘xshash turdagi xizmatlar ko‘rsatildi.
Markaz tomonidan Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi bilan birgalikda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida dastur doirasida berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, “Hamroh.biznes-portal.uz” platformasidan foydalanish qoidalari, moliyaviy savodxonlik asoslari, biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, biznes rejalar ishlab chiqish, sotuvlarni amalga oshirish, biznes loyihalarni moliyalashtirishda tijorat banklarining o‘rni mavzulari bo‘yicha seminar va uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga 300 nafarga yaqin tadbirkor opa-singillar yo‘naltirildi.
Masalan, Davlatobod tumani Ijodkor mahallasi hududida faoliyat yurituvchi “Today Trading Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatga bolalar bog‘chasi faoliyatini kengaytirish maqsadida ajratilgan 1,5 milliard so‘m kredit natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining qamrov darajasi oshirildi, tashkilot binosi zamonaviy talablar asosida ta’mirlandi va jihozlandi.
Shuningdek, Kosonsoy tumani O‘rikzor mahallasida oilaviy tadbirkorlik asosida eshik romlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun “Turon sifat eshik romlari” mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda To‘raqo‘rg‘on tumani Xo‘jand mahallasi hududida yangi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun har biriga 100 million so‘mdan imtiyozli kredit ajratilgani ayni muddao bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.