Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish va hududlar imkoniyatlarini rivojlantirishda tadbirkorlar muhim kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayni shu bois tadbirkorlar bilan doimiy muloqotlar tashkil etilib, ularning taklif va muammolari tinglanmoqda, yangicha g‘oya va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Namangan viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhratali Imomovning To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘tkazgan muloqotida 30 dan ziyod kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi. Muloqotda, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

– Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq muloqotida soliq to‘lovlar va jarimalarga alohida to‘xtalib o‘tilgani ayni muddao bo‘ldi. Jumladan, soliq tizimi tadbirkorlik uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar uchun 2026 yildan boshlab faqat bir foiz stavkada soliq to‘lash imkoni yaratilgani yangilik bo‘ldi, – deydi tadbirkor Oqilxon Naimov. – Haqiqatan ham bu minglab kichik biznes egalari uchun katta yengillikdir. Shu orqali o‘zimizda qoladigan mablag‘lar orqali faoliyatimizni kengaytirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish imkoniga ega bo‘lamiz. Viloyat bosh soliqchisi tumanimizga kelib, tadbirkorlar huzurida barcha savollarimizga javob berdi, kamchiliklarimizni birgalikda muhokama qildik.


Darhaqiqat, tadbirkorlik o‘z-o‘zidan rivojlanmaydi. Buning uchun o‘zi mehnat qilishi, shu bilan birga ularni qo‘llab-quvvatlash ham zarur. Albatta, tadbirkorlar qonun talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritsa, biznesida muvaffaqiyat bo‘ladi. Uchrashuv davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, qonuniylik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.