Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Biznes portal» platformasiga yuborilgan 34 560 ta ariza ijobiy baholandi
14:35 / 2024-04-15

Ma’lumki, 2023-yilning 14-sentyabridagi «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatimizda «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi amalga oshirilmoqda.

«Biznesni rivojlantirish banki» Dasturni samarali amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.  

Hozirda Dastur doirasida bank tuzilmalari, bank tomonidan ta’sis etilgan Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi va 14 ta «Kichik biznesga ko‘maklashish hududiy markazlari» tomonidan faol amaliy ishlar olib borilmoqda.  

«Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks Dasturida ishtirok etish istagida bo‘lganlar eng avvalo, bank tomonidan ishga tushirilgan «Biznes portal» platformasiga onlayn ariza bilan murojaat qiladi.  

AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Biznesni rivojlantirish banki» ATB axborot xizmati rahbari Shuhrat Oripov  tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan «Biznes portal» platformasiga yuborilgan arizalarning holati bo‘yicha axborot taqdim etdi.  

Ta’kidlanishicha, 2024-yil 15-aprel holatiga «Biznes portal» platformasiga yuborilgan 34 560 ta tashabbuskorlarning arizalari skoring bosqichida ijobiy baholandi. Mazkur jarayon inson omili ishtirokisiz amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar hokim yordamchilari tomonidan 30 595 ta loyihaga ijobiy tavsiya berilgan.  

O‘z navbatida, hozirda hokim yordamchilari tomonidan o‘rganish jarayonidagi loyihalar soni 1 665 tani tashkil qiladi.  

Loyihalarni baholash va tanlash guruhi tomonidan 21 701 ta loyihaga o‘quv jarayoniga ruxsat berilgan bo‘lib, hozirda 3 671 ta loyiha tashabbuskorlari o‘quv jarayonida ishtirok etmoqda.  

Shu bilan birga, 18 030 ta tashabbuskor tomonidan imtihon topshirilgan bo‘lib, ulardan 15 491 tasi sertifikatni qo‘lga kiritgan.  

Ayni paytga qadar barcha tijorat banklari tomonidan 6 997 ta loyihaga kredit ajratish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi.  

Ularni amalga oshirish uchun loyihaning umumiy qiymati 647,0 mlrd. so‘mlik kredit shartnomalari imzolanib, ajratilgan kredit hajmi esa 613,0 mlrd. so‘mni tashkil etadi.  

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-martdagi qarori bilan «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturi bo‘yicha moliyaviy instrumentlar yanada kengaytirildi. Xususan, mazkur qaror bilan ajratiladigan kredit maqsadining ko‘lami kengaytirildi. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 500 million so‘mgacha yangi moliyaviy instrument tatbiq etilishiga ruxsat berildi, – dedi Shuhrat Oripov. – Kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat ta’lim tashkilotlari, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari hamda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar onlayn ariza yuborish orqali «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks Dasturida ishtirok etish huquqiga ega.  

 

M.Qosimova, O‘zA