French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning ishonchli vakili
15:58 / 2024-12-26

Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Xususan, Biznes ombudsman bu borada samarali faoliyatni amalga oshirmoqda.

Xususan, joriy yilda tadbirkorlar tomonidan Biznes-ombudsman devoni hamda Tadbirkor virtual ofisi orqali jami 17 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.  

Kelib tushgan murojaatlar asosida tadbirkorlarga 34 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishida, 16 milliard so‘m pul mablag‘larini undirishda va 14 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘langan soliq summalari qaytarilishida yordam ko‘rsatilgan.  

Biznes-ombudsman ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 12 ta taqdimnoma kiritilgan va 138 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.  

Shuningdek, joriy yilda Biznes-ombudsman tomonidan ishbilarmonlik muhitini takomillashtirishga qaratilgan 18 ta tahliliy ma’lumotlar asosida 110 ta taklif tayyorlandi. Qolaversa 9 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari, jumladan, 4 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni, 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi.  

Xususan, davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.  

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.  

Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi.  

Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025 yil 1 martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.  

Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, ro‘yxatda yo‘q masalalar bo‘yicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3 ta toifaga ajratgan holda o‘tkaziladi.  

Bu yil davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayonida o‘ndan ziyod yo‘nalishlarda butun respublika bo‘ylab faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar bilan birma bir suhbat qilindi. Ularni qiynayotgan masalalar tinglanib, hal qilish choralari ko‘rildi. Tizimli va kompleks yondashuvni talab qiladiganlari davlat rahbariga kiritildi.  

“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” platformasiga jami 11 ming 905 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 9 ming 400 tasi yuridik shaxslar, 1 ming 564 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bildirilgan. 7 tasi chet el investori bo‘lsa, ularning 934 tasi fuqarolardan taklif sifatida kelib tushgan.  

Shuningdek, kelib tushgan murojaatlarning mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va hal etilish holatini o‘rganish maqsadida tadbirkorlarga qayta qo‘ng‘iroq qilish – “Callback” tizimi ham ishga tushirildi.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalar Prezident farmonida o‘z aksini topdi.  

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni monitoring qilish yo‘nalishida ham Biznes-ombudsman bir nechta chora-tadbirlarni amalga oshirdi.  

Jumladan, Biznes-ombudsmanga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazishni kelishish uchun kiritilgan jami 4 ming 426 ta buyurtmadan 1 ming 906 tasi (43 foizi) kelishilgan va qolgan 2 ming 520 tasi (57 foizi) tekshiruv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etilgan.  

2024 yil yanvar-noyabr oylari davomida tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazishning qonuniyligi monitoringi amalga oshirilib, monitoring doirasida 16 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan 910 ta noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilgani holatlari hamda 20 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan 7 ming 855 ta tekshiruv tartibini buzish holatlari aniqlandi.  

2024 yil yanvar-noyabr oylari davomida tekshirish tartibiga rioya qilmaganlik holatlari yuzasidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha nazorat organlarining 891 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.  

Bundan tashqari, tadbirkorlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash maqsadida nazorat qiluvchi organlarning 4 ming 744 nafar mansabdor shaxslari ishtirokida jami 80 ta o‘quv-seminarlari tashkil etildi.  

Tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlarni o‘tkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida nazorat qiluvchi organlarning 10 ming 376 nafar xodimi attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 7 ming 999 nafari (77,1 foizi) tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishda yetarli malakaga ega, deb topildi.  

Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish yo‘nalishida Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holati yuzasidan o‘rganishlar o‘tkaziladi. Xususan, joriy yilda 7 ta davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar natijasida 25 ming 24 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.    

Ushbu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha davlat organi va tashkilotlariga 7 ta taqdimnoma kiritilgan, shuningdek 551 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan, 37 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.  

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA