French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznes ombudsman: tadbirkorlarning 185 milliard so‘m mablag‘i qaytarildi
19:03 / 2023-01-30

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti (Biznes ombudsman) tadbirkorlar uchun joriy etilayotgan imtiyozlarning amalda qo‘llanishi, soha vakillari manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Biznes ombudsman tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari ustuvorligi prinsipini ta’minlash yo‘lida xizmat qilmoqda. Ayni paytda tadbirkorlar faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvi oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Vakil, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etmoqda.

Davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotgani o‘rganilmoqda.

Vakil devoni xodimlari tomonidan muntazam ravishda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan sayyor uchrashuvlar ham o‘tkazilmoqda.

Jumladan, 2022 yil davomida Toshkent shahrining barcha tumanlarida tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirkorlardan kelib tushgan savollar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularni qiziqtirgan asosiy masalalardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘rnini qoplashdir.

Vakil devonining Toshkent shahar sho‘’basi xodimlari tashabbusi bilan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan va tashkillashtirilgan ishlar natijasida 155 nafar tadbirkorlik sub’ektining manfaati himoya qilindi.

Natijada 185 milliard so‘m miqdoridagi qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rni qoplanishi va tadbirkorlik sub’ektlari hisob raqamiga qaytarilishi ta’minlandi.

Joriy yilda bunday soliq turining kamaytirilishi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratishi shubhasiz.

A.KARIMOV,

Biznes ombudsmanning

Toshkent shahar sho‘’basi bosh inspektori.

O‘zA