Ma’lumki, tadbirkorlik sub’ekti faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan noqonuniy tekshirish yoki tekshirishda belgilangan qat’iy talablarga amal qilmaslik holatlari tadbirkor intilishlarini so‘ndirishi bilan birga hududdagi ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risidagi qonunga muvofiq tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshiruvlarini o‘tkazishning qonuniyligi monitoringini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Shunga ko‘ra, Vakil devoni xodimlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida Farg‘ona viloyatidagi bir qator nazorat qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshirishlarda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yib kelinganligi aniqlandi.
O‘rganish davomida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PF-5490-sonli Farmoni bilan 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart» deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur farmonga amal qilinmagan.
Xususan, Farg‘ona viloyat ekologiya va atrof muhitini nazorat qilish boshqarmasi xodimi I.Quziboyev tomonidan «Posko International Tekstil» MCHJda 2021 yil 11 martda tekshirish o‘tkazilib, mazkur tekshirish yagona tizimga kiritilmasdan amalga oshirilganligi aniqlangan.
Xuddi shu kabi holatlar Farg‘ona viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari Z.Valiyev, U.Toshbekov va N.Turdimatov U.Toshbekov va N.Turdimatovlar tomonidan ham qonunbuzilish holatlari yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyat veterinariya boshqarmasi xodimlari D.Tolipov va I.Haydarovlar tomonidan Bog‘dod tumanida faoliyat olib borayotgan «Lochin» fermer xo‘jaligida 2021 yil 15 yanvarda tekshirish o‘tkazilib, mazkur tekshirish yagona tizimga kiritilmasdan amalga oshirilganligi aniqlangan.
Shuningdek, Quva tuman Davlat soliq inspeksiyasi soliq nazorati bo‘lim boshlig‘i A.Jumayev, tuman Davlat soliq inspeksiyasi sayyor soliq shu’basi mudiri A.Normatov hamda ushbu tuman soliq inspeksiyasi bosh inspektori A.Soliyevlar tomonidan tumanida faoliyat olib borayotgan «Yakka tartibdagi tadbirkor» M.Jo‘rayevaning yuridik manzilga borib tekshirish uchun asos bo‘lgan buyruqdan chetga chiqib, noqonuniy tekshirish o‘tkazganliklari aniqlandi.
Bu kabi qonunbuzilish holatlariga Marg‘ilon shahar Davlat soliq inspeksiyasi sayyor soliq tekshiruvi shu’basi katta inspektori Yu.Abduvahob va R.Yusupovlar tomonidan ham 2 ta holatda, viloyat Davlat soliq boshqarmasi sayyor soliq tekshiruvi shu’basi katta inspektori T.Tojimatov tomonidan
1 xolatda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishda o‘rnatilgan tartibiga rioya qilinmaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Vakil devoni xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-2 moddasiga asosan noqonuniy tekshirish va tekshirish tartibini buzgan nazorat qiluvchi organlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik sodir etilgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga hujjatlar to‘plami yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan nazorat qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshirish va tekshirishlar tartibi buzilgan deb topilib, ularning barchasiga nisbatan jarima jazosi tayinlandi.
Farhod Ahmedov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi vakil devoni bosh inspektori