Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznes-ombudsman ma’sul idora rahbarini jarimaga tortdi
15:47 / 2023-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil devoniga Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan “Jo‘ra” ko‘p tarmoqli xususiy agrofirmasi rahbari A.Jo‘rayevning Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona shahar filiali xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganildi.

O‘rganish davomida Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona shahar filiali tomonidan “Jo‘ra” ko‘p tarmoqli xususiy agrofirmasining murojaatiga belgilangan muddatda javob bermasdan qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.  

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.  

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.  

Shunday bo‘lsada, Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona shahar filiali tomonidan “Jo‘ra” ko‘p tarmoqli xususiy agrofirmasi murojaatiga belgilangan muddatda javob xati yuborilmagan.  

Yuqoridagilarga ko‘ra, Vakil devoni xodimlari tomonidan Davlat kadastrlar palatasi Farg‘ona shahar filialining mansabdor shaxsiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 43-moddasiga asosan jarima jazosi tayinlandi.  

 O‘zA