Biznes-ombudsman aralashgach, kredit ajratildi
Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari ham tadbirkorlarning murojaatlari asosida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (biznes-ombudsman)ga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish amalga oshirilayotganda ularni huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish va boshqa bir qator vazifalar yuklatilgan.
Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari ham tadbirkorlarning murojaatlari asosida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.
– Joriy yilning toʻqqiz oyi mobaynida bizga tadbirkorlik subyektlaridan 231 ta murojaat kelib tushdi, – deydi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi yetakchi inspektori Shodibek Hamroyev. – Ushbu murojaatlarning 61 tasi qanoatlantirildi, 140 tasiga tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi, 20 ta murojaat tegishliligiga koʻra boshqa idoralarga yuborildi. Kelib tushgan murojaatlarning 30 foizi yer va binolar bilan bogʻliq masalalarga, 12 foizga yaqini soliq munosabatlariga, 8 foizi shartnomaviy munosabatlarga, 5 foizdan ortigʻi kredit va banklar faoliyatiga tegishli boʻldi.
Jumladan, “Agro golden finans” masʼuliyati cheklangan jamiyati bir necha oydan buyon ATB “Mikrokreditbank” Kattaqoʻrgʻon shahar filiali tomonidan kredit berilmay kelayotganligi haqida murojaat qildi. Murojaat belgilangan tartibda oʻrganilib, tadbirkorga qisqa muddatda 2,5 milliard soʻm miqdoridagi kredit ajratish chorasi koʻrildi. Xuddi shunday murojaat asosida shu bank muassasasidan “Usta Aminjon invest” MCHJ ham 750 million soʻm kredit ajratilishi taʼminlandi.