Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga asosan, biznes muhitida sezilarli yaxshilanish kuzatilgan. Bu esa tadbirkorlik faoliyatida ishonchining ortishi va iqtisodiy faollikning kengayishidan dalolat beradi.
Biznes muhiti indeksining o‘rtacha ko‘rsatkichi 58 bandni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 bandga yuqori. Yanvar oyida biznes muhiti ko‘rsatkichi 52 banddan, iyun oyida 63 bandgacha yuqorilagan.
Joriy holat sub-indeksi 44 bandni tashkil etdi. Tadbirkorlarning istiqboldagi kutilmalar indeksi yil boshiga nisbatan 25 bandga oshib, 73 bandga yetdi.
Eng yuqori o‘sish sanoat tarmog‘ida qayd etildi, xizmatlar 3 bandga yuqoriladi, qurilish tarmog‘ida o‘zgarish kuzatilmagan.
Qishloq xo‘jaligida kichik pasayish kuzatildi. Bu esa mavsumiy omillar bilan bog‘liq.
Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 42 foiz ishtirokchilar o‘z biznesi joriy holatini «yaxshi» deb baholagan, 74 foiz esa kelgusi 3 oyda biznesi holatini yaxshilanishini kutmoqda. Biznes vakillarining o‘rtacha 70 foizga yaqini 3 oylikda mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabning o‘sishini kutayotganini bildirgan.
Inflyatsiyaga oid kutilmalar pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda: yil boshida o‘z mahsuloti yoki xizmatlari oshishini kutayotganlar ulushi 25 foiz bo‘lsa, iyun oyida 21 foizni tashkil etgan.
So‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 59 foizi biznes yuritishda jiddiy to‘siqlar yo‘qligini qayd etgan. Biroq tadbirkorlarning 10 foizi moliyalashtirish, 6 foizi soliq ma’murchiligi va 6 foizi soliq stavkalari yuqoriligi bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatgan.
Tarmoqlar kesimida esa moliyalashtirishga erishishda eng katta to‘siqlar qishloq xo‘jaligida sanoat va qurilishda esa yuqori soliq stavkalari va soliq ma’murchiligi ko‘proq qayd etilgan.
Tadbirkorlik faoliyatining jadal o‘sishi, eksport imkoniyatlarining kengayishi va ma’muriy to‘siqlarning kamayishi O‘zbekistonda biznes muhitini barqaror ijobiy deb baholashga asos yaratadi.
Tadbirkorlarning yaqin oylarga bo‘lgan katta umidlari iqtisodiy o‘sishni yanada mustahkamlash va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun zamin yaratadi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA