Yaponiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasi Farg‘ona viloyatida bo‘lib, samarali kelishuvlarga erishdi. Rishton tumanida yaponiyalik ishbilarmonlar hamda viloyat tadbirkorlari ishtirokida Farg‘ona-Yaponiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona viloyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasidagi ishlar o‘z samarasini berib, xorijiy investorlarning biznes yuritishga intilishi ortmoqda. Viloyatga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar miqdori yillik bir milliard dollardan oshib, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 650 taga yetdi. Xususan, Yaponiya bilan ham ko‘plab sohalarda hamkorlik ko‘lami kengaymoqda.
“Chinor plyus 2020” majmuasida bo‘lib o‘tgan forumda Yaponiyadagi qurilish, savdo, sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, IT, ta’lim, xizmatlar, ipakchilik, turizm va investitsiyalar sohalarida faoliyat olib boruvchi kompaniyalar rahbarlari hamda viloyat tadbirkorlari ishtirok etdi.
Forumni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ochib, davlatimiz rahbarining 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning yangi tarixiy bosqichini boshlab berganini ta’kidladi. Viloyat rasmiylarining so‘nggi ikki yilda kunchiqar mamlakatiga amalga oshirgan bir qator tashriflari, Yaponiyada va Farg‘onada o‘tkazilgan ko‘plab muzokaralar, biznes-forumlar yapon investorlarining viloyatga bo‘lgan qiziqishini keskin orttirgani qayd etildi.
Farg‘ona viloyati Yaponiya investorlari hamda kompaniyalari uchun ham jozibador hududga aylanib borayotganini hamkorlikda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyat rahbari ushbu forum doirasida erishiladigan kelishuvlar bu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Farg‘ona viloyatida o‘z investitsion loyihalarini amalga oshirayotgan yaponiyalik ishbilarmonlar – Okuda Takefumi va Nagai Koji Farg‘ona shahridagi ekoshahar hududida 3 gektar maydonda barpo etishga kirishilayotgan, qiymati 15 million dollarlik “Shogun city” yapon bog‘i, mehmonxona, restoranlar majmuasi hamda unga yondosh hududda Nagai Clinic tomonidan rejalashtirilayotgan qiymati 8,7 million dollarlik zamonaviy Yapon tibbiyot va sog‘lomlashtirish shaharchasi loyihalarining borishi haqida ma’lumot berdi.
[gallery-14789]
Okuda Takefumi rahbarligida Farg‘ona viloyati va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikka ko‘maklashuvchi O‘zbekiston-Yaponiya xalqaro iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi tashkil etilgani ham e’lon qilindi. Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati, shuningdek, bojxona va soliq to‘lovlari misolida “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar to‘g‘risida forum ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazildi. Forum davomida umumiy qiymati 30 million dollar bo‘lgan investitsiyaviy kelishuvlar va eksport shartnomalari imzolandi.
Yaponiyalik mehmonlar Farg‘onada ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning MDH mamlakatlari bilan savdo hamkorligi assotsiatsiyasi – “ROTOBO” vitse-prezidenti Xirokazu Xigashino boshchiligidagi ushbu assotsiatsiyaga kiruvchi “Marubeni”, “Mitsui”, “Mitsubishi”, “MHI”, “Sumitomo”, “Sojitz”, “Toyota Tsusho” kabi korporatsiyalar vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida “ROTOBO” assotsiatsiyasiga kiruvchi kompaniyalar ishtirokida investitsion loyihalarni amalga oshirish, viloyat sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini hamkorlikda eksportini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. Yaponiyalik investorlar O‘zbekistonni qo‘shni va yaqin davlatlar bilan birgalikdagi katta umumiy bozorning darvozasi sifatida ko‘rishayotganini ta’kidlagan “ROTOBO” vitse-prezidenti assotsiatsiya Farg‘ona viloyatini mamlakatimizning sarmoyadorlar uchun eng jozibador hududlardan biri sifatida ko‘rayotganiga e’tibor qaratdi va hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini yuqori baholadi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yaqin kunlarda yaponiyalik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ham ish boshlashini ma’lum qildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri M.Qodirov olgan surat