Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biznes-forum: Tatariston O‘zbekiston uchun ishonchli hamkor
19:51 / 2021-04-06

Toshkentda «Innoprom» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston – Tatariston biznes-forumi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes muzokaralar o‘tkazildi.

Forumda O‘zbekiston va Tataristonning tashqi savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari va sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Albert Karimov, Tatariston Savdo-sanoat palatasi raisi Shamil Ageyev va boshqalar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash savdo va iqtisodiy sohalar rivojida katta samara berishini qayd etdi.

– Tadbir ikki tomon uchun amaliy ahamiyat kasb etadi, – dedi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mas’ul xodimi G‘ofirjon Usmonov. – bugungi biznes-forumda Tataristonning 50 ga yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Ahamiyatli jihati, O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanyapti. Tatariston Rossiya Federatsiyasidagi eng ishonchli hamkorimiz hisoblanadi.

[gallery-1927]

Tadbirda tomonlar iqtisodiyotga sarmoya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari, oziq-ovqat, neft-gaz, farmatsevtika, ta’lim, mashinasozlik, ishlab chiqarish kabi sohalardagi salohiyat, yaratilgan sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

Shuningdek, neft-gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi sohalarida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga ham e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Tatariston kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni bajarish yuzasidan fikr almashildi.

– Quvurlarni turli xil korroziyadan himoya qilish bo‘yicha ishlarni olib boramiz, – dedi Tataristondagi «Muhandislik-ishlab chiqarish markazi» MCHJ direktori Olga Ayduganova. – Biz Rossiya bozorida anchadan buyon ishlaymiz. Shuningdek, ichki va tashqi himoya qoplamali po‘lat quvurlardan quvurlar qurish sohasidagi texnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqish, quvurlarni qurish va ta’mirlash, korroziyaga qarshi himoya qoplamalarini qo‘llash kabi muhandislik-texnik xizmatlar ko‘rsatamiz. O‘tkazilgan forum tufayli yurtingizda ishonchli hamkorlar topib, hamkorlikda ishlaymiz degan, umiddaman.

Biznes-forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida biznes muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.

Unda respublikamizning 200 dan ortiq kompaniya vakillari tataristonlik hamkorlari bilan qishloq xo‘jaligi texnikasi, neft mahsulotlari, maishiy kimyoviy mahsulotlar yetkazib berish imkoniyatlari xususida fikr almashdi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA