Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Ayni jaryonda infratuzilma xizmatlari – elektr va tabiiy gaz ta’minoti barqarorligiga erishish, ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, ichki va xalqaro miqyosdagi yo‘llarni zamonaviy mezonlar asosida ta’mirlash ustuvor ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Birgina 2022 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 38 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 427,8 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Dasturlar doirasida 1 ming 315 ta ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Aholining yillar davomida to‘planib qolgan muammolari o‘z yechimini topdi. Shu kabi ishlar natijasida viloyat markazidan tortib, eng chekka va olis hududlarda ham aholi farovonligiga xizmat qiluvchi hayotbaxsh dasturlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarning me’moriy qiyofasi, infratuzilma xizmatlari faoliyati shaharsozlik me’morchiligi an’analari asosida yangilanib borayotir. Aslida bu kabi yangilanish va o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad, eng avvalo, xalqimiz islohotlar samarasini oilasi va yashab turgan mahallasi misolida his etib, o‘z hayoti va farzandlari taqdiridan rozi bo‘lib yashashiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farg‘ona shahar “Sovurbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida mas’ul mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu borada soha mutasaddilari oldida turgan eng muhim ustuvor vazifalarga to‘xtaldi. Ta’kidlab o‘tilganidek, 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar doirasida viloyatdagi 374 ta mahallalarda 1193,4 kilometr uzunlikdagi yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 3 barobarga oshgan. Ammo ezgu tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish jarayonida ba’zi hollarda qurilish-pudrat tashkilotlarining mas’uliyatsizligi hamda belgilangan yumushlarni sifatsiz bajarishi ortidan xalqning norozi bo‘lish holatlari ham kuzatilmoqda.

Tahlil va tanqid ruhida o‘tgan muloqot davomida bu yildan boshlab tender savdolari to‘liq shaffof tarzda o‘tkazilib, qurilish ishlari sifati ustidan qat’iy jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi ta’kidlandi. O‘z navbatida har bir qurilish sifatli, belgilangan me’yor va qoidalar asosida to‘laqonli bajarilishi lozimligi qayd etildi.

Yuzma-yuz suhbatda har bir pudratchiga berilgan mablag‘lar to‘g‘ri yo‘naltirilishi nazoratga olinishi ta’kidlanib, 2022 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan tender savdolarida g‘olib bo‘lgan quruvchi-pudratchilar tomonidan olib borilgan ishlar sustligi tanqid qilindi. Har bir quruvchi zimmasiga o‘z faoliyatida halollik, insof va adolat tamoyillariga qat’iy rioya etishi bo‘yicha aniq vazifalar yuklandi.
M.Sulaymonov,
O‘zA