Navoiy shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi hamkorligida partiyaning “Farovon oila” loyihasi doirasida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aziza Aminova, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyat hududiy bo‘limi direktori Nargiza Ermamatova hamda boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, ularni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, jabrlanuvchilar tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish, bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish huquqiga ega. Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar ariza bilan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilingan.

– Zo‘ravonlik inson huquqiga tajovuz, jamiyat barqarorligiga tahdid, oila mustahkamligiga putur yetkazuvchi omil hisoblanadi, – deydi Aziza Aminova. – Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon miqyosida har 3 nafar ayoldan biri umri davomida jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlikka duch keladi. Har yili millionlab ayollar zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqda. Mutaxassislar fikricha, zo‘ravonlikning oqibati faqat jabrlanuvchiga emas, balki butun jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi: depressiya, ishonchsizlik, ruhiy iztirob, qo‘rquv, stress, hattoki o‘z joniga qasd qilishgacha olib keluvchi holatlar shular jumlasidandir. Ayollarni himoya qilish va ularning huquqlarini ta’minlash faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki tegishli muassasalarning vazifasi emas. Har bir inson ota-ona, ustoz, rahbar, qo‘shni, fuqaro sifatida bu masalada mas’uliyatli bo‘lishi shart.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri