Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Biz yoningizdamiz» – o‘zbek migrantlariga yordam beruvchi telegram bot
10:35 / 2021-03-14

O‘tgan yilning sentyabr oyida Jizzax viloyat “Qalb nuri” markazi tomonidan ezgu tashabbusga qo‘l urildi.

Markaz pandemiya sharoitida migrantlar va ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migratsiya va bandlik masalalarida axborot va maslahat berishga qaratilgan “Biz yoningizdamiz" ijtimoiy loyihasi Yevropa Ittifoqining 20 ming yevro miqdoridagi grantiga sazovor bo‘lgan.

Loyiha doirasida o‘zbek migrantlari va ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migratsiya va bandlik masalalari bo‘yicha axborot, maslahat beruvchi telegram bot va kanali (https://t.me/mehnatmigrantlari) ishga tushirildi.

– Loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, o‘zbek tilida yuritiladigan telegram bot yordamida nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlari qamrab olinadi. – deydi loyiha rahbari, Jizzax viloyat “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova. – Chunki ayni paytda O‘zbekistonning 20 million aholisi internetdan foydalanmoqda. Ularning 19 millioni telegram messenjeridan foydalanadi. Bu deyarli barcha maqsadli auditoriyani qamrab olish imkonini beradi. Foydalanuvchi bot orqali o‘ziga noma’lum aloqa ma’lumotlarini yuborishi va tez yordam olish uchun joylashuvini bosishi mumkin. Bundan tashqari, mavzu bo‘yicha yangiliklar va foydali ma’lumotlarni nashr etish va foydalanuvchilar o‘rtasida muhokama qilish uchun telegram kanali ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida joriy yilning 1 oktyabr kunidan boshlab “Mehnat migrantlari/Biz yoningizdamiz” telegram kanali ham ishga tushirilgan.

Telegram bot esa 2020 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mazkur bot orqali migrantlar va ularning oilalari hamda aholining turli qatlamlarini pandemiya davrida koronavirus haqida, unga qarshi kurashdagi ijtimoiy axborotlar to‘g‘risida, shuningdek, foydalanuvchilarning psixolog, yurist maslahatlari va bandlikka oid zarur ma’lumotlar bilan ta’minlanishlariga erishilmoqda.

Bundan tashqari, Respublika miqyosidagi jabrlangan fuqarolarni reabilitatsiya va adaptatsiya qilish markazlarining “Ishonch telefonlari”, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari telefonlari, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari tashkilotlarining telefonlari ham kiritilgan.

Milliy va xalqaro qonunchilikka oid axborot, ma’lumot va yangiliklar, o‘zbek migrantlariga yordam beruvchi tashkilotlar to‘g‘risida aynan ona tilida yuritiladigan “Biz yoningizdamiz” telegram bot va kanali nafaqat dunyoning turli joylarida bo‘lgan o‘zbek migrantlari va ularning oilalari uchun, balki tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bilan qiziquvchi barcha fuqarolar uchun hamisha yonlarida bo‘lgan eng qulay dastyor, ishonchli hamroh va foydali maslahatchi bo‘lib xizmat qilmoqda.