3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan mamlakatimizda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Maqsad imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning jamiyatga aralashuvini kuchaytirishdan iborat.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Inklyuziv raqs va cheklovsiz ijod” shiori ostida “Biz tengmiz — bir safdamiz” nomli badiiy-ijodiy tadbir o‘tkazildi.


Tadbir davomida “Sen kuchlisan” xayriya aksiyasi doirasida saraton kasalligiga chalingan bemor bolalar tomonidan chizilgan qariyb 100 ta surat namoyish qilinib, kimoshdi savdosi tashkil etildi. Bu esa yig‘ilganlarda ulkan taassurot qoldirdi.


Dasturning badiiy qismida imkoniyati cheklangan bolajonlar tomonidan raqslar ijro etilib, xalqimizning sevimli san’atkorlari tomonidan kuy va qo‘shiqlar dastasi taqdim qilindi.
Shu tariqa ularning vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga erishildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA