O‘zbekistonda xorijiy tajribadan foydalanilgan holda Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Bu haqda Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi "O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida keltirib o‘tilgan edi.
Unga ko‘ra, 2021 yil 1 martga qadar malakali pedagog, ilmiy xodimlar, psixolog va xorijiy ekspertlarni (shu jumladan, Finlyandiyaning malakali mutaxassislarini) jalb qilgan holda Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Bu jarayonda tayanch umumta’lim muassasalari belgilandi va 2021-2022 o‘quv yilidagi ta’lim jarayonida bu dastur tajriba-sinov tariqasida joriy qilindi. Shuningdek, pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTM hamda litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlari xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish huquqiga ega bo‘ldi.
Ta’lim tizimini isloh qilayotgan mamlakatlar uchun xalqaro tajribalarni o‘rganish, tahlil qilish, ulardan foydalanish, shuningdek, nufuzli xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Avvalgi o‘quv dasturlari mazmuni 90 foiz nazariyadan iborat bo‘lib, o‘qitish metodikasini yodlatishga yo‘naltirilgan. Yangi Milliy o‘quv dasturi mazmuni 50 foiz nazariya 50 foiz amaliyotdan iborat bo‘ladi va o‘quvchining mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘quv dasturlarida baholash esa faqat eslab qolgan bilimlar hajmini aniqlagan. Yangi dastur asosida o‘quvchilarda shakllangan ko‘nikmalar baholanadi. Fanlar soni va o‘quv yuklamalari optimallashtirilib, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra fanlarni tanlab o‘qish imkonini beruvchi variativ o‘quv dasturlar asosida hayotga va kasbiy faoliyatga tayyorlash imkoni yaratiladi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi texnik ko‘magida yaratilgan Milliy o‘quv dasturi xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, mahalliy amaliyotchi o‘qituvchilar va xorijiy ekspertlar ishtirokida yaratilgan. Unda fanlararo integratsiya kuchaytirilib, fan va mavzularni o‘qitishda mantiqiy fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga asoslangan spiralsimon o‘qitish metodikasi mavzularni soddadan murakkabga qarab o‘qitish, o‘quvchilarda borliqni yaxlit tasavvur va tadqiq qilish orqali o‘rganishni ta’minlovchi integratsion yondashuv joriy qilinmoqda.
Matematika fanini sodda va qiziqarli tilda tushuntirish maqsadida fanning dasturi to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Tabiatdagi jarayonlarni sodda va qiziqarli tushuntirish, o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida yangi “Tabiiy fan” (Sience) dasturi xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqildi. O‘quvchilarni vatanparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida media-savodxon va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, intiluvchan qilib tarbiyalash maqsadida “Tarbiya” fani joriy qilindi. Shuningdek, o‘quvchilarda moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish maqsadida Milliy o‘quv dasturi doirasida “Tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik” fani ham amaliyotga kiritiladi.
Bugungi kunda jami 892 nomdagi elektron axborot-ta’lim resurslari yaratilgan, tizim, video va audio-darslar, interaktiv va animatsiyali virtual laboratoriya ishlari hamda dars ishlanmalari, multimedia ilovalar, testlar, ta’limiy o‘yinlar boshqa qo‘shimcha ta’lim resurslarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, o‘quvchilar uchun onlayn-repetitor va onlayn-to‘garak, o‘qituvchilar uchun esa onlayn kasbiy rivojlantirish televizion mashg‘ulotlar efirga uzatilmoqda.
Variativ o‘qitish tizimi orqali matematik tafakkurga ega iste’dodli o‘quvchidan muvaffaqiyatli kompyuter dasturchisi, kompyuter texnigi, tizim tahlilchisi, tarmoq tahlilchisi, ma’lumotlar bazasi dizayneri va muhandislik kabi zamonaviy kasb egalari yetishib chiqishi mumkin.
Maktablarga kirib borgan matematika darsliklari fan orqali mantiqiy tafakkurni rivojlantirishi bilan avvalgi hisob-kitob, arifmetik amallarga katta o‘rin berilgan darsliklardan farq qiladi. Qiziqarli topshiriq hamda mashqlar endi o‘quvchida qo‘shish-ayirish ko‘nikmasi bilan birga, ijodiy va tanqidiy fikrlash, asos bera olish qobiliyatlarini o‘stiradi, muammolarga yechim topishda topqirlik va ijodkorlikni qo‘llay olish salohiyatini oshiradi. Bunday ko‘nikmalar esa o‘quvchiga hayotiy vaziyatlarda muvaffaqiyat qozonishiga ko‘maklashadi.
Fanlarning integratsiyalashuvi ortidan ta’lim tizimiga yana bir xalqaro tajribani joriy qilish imkoni paydo bo‘ldi, maktablarda tabiiy fanlar (Sience) o‘qitila boshlandi. Tabiiy fanlar orqali o‘quvchida tadqiqotchilik, yangilikka intilish, tabiatni himoya qilish ko‘nikmalari shakllanadi.
“Biz o‘quvchilarni hayotga tayyorlaymiz” shiori Finlyandiyadagi har bir maktab direktorining xonasida osig‘liq turadi. Bu — bolalarni maktab orqali hayotga tayyorlash, ularga o‘rganganlarini hayotga tatbiq etishiga yordam berish degani. Bugungi ta’lim bilish va o‘rganganlarini hayotga tatbiq olish ko‘nikmalarini rivojlantirishi bilan o‘ziga xosdir. Milliy o‘quv dasturi 4 muhim ko‘nikma – kommunikativlik, axborot bilan ishlash, o‘z-o‘zini rivojlantirish, ijtimoiy-emotsional va faol fuqarolik kabi ko‘nikmalarni rivojlantirish asosiga qurilgan.
Ta’limni xorijda o‘zini oqlagan tajribalar orqali rivojlantirish amaliyoti ham tizimni yangilashda qo‘l kelmoqda. AQSHning USAID tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan “Barkamollik uchun ta’lim” dasturi doirasida bu yil O‘zbekiston ta’limi tarixida ilk marotaba Kembrij universiteti nashriyotining ikkita darsligi 1- va 11-sinflar uchun ingliz tili, 5- va 11-sinflar uchun informatika darsliklari tayyorlandi. Yaqin-yaqingacha eng muhim 4 ehtiyoj sifatida sog‘liq, oziq-ovqat, uy-joy, kiyim-kechak e’tirof etib kelingan. Bugungi raqobatbardosh dunyoda ularning qatoridan beshinchi eng muhim ehtiyoj o‘rin egalladi, bu — ta’lim. Shuni hisobga olib, yuqoridagi o‘zgarishlar barcha fanlar mohiyatida sodir bo‘lmoqda. Bosh maqsad — o‘quvchining maktabga kelishga rag‘batlantiradigan mavzular va jarayonlardan iborat jozibador ta’lim muhitini yaratishdan iborat.
Adabiyot fanidan berilgan soatlarda adibning hayoti va asarlari umumiy 3 soatga berib ketilgan. 6-sinf adabiyot fanida 38-darsdan keyin 40-dars berilgan, 8-sinf ona tilida 90-dars ikki marta berilgan. 3 soat darsni 1 soatdan taqsimlab yozish kerak ekan, ko‘p va kam soatni qanday o‘zgartirish mumkin?
Bugungi kunda 1-9-sinflarda chet tili o‘quv predmetidan o‘qituvchi kitobi mavjud bo‘lib, o‘qituvchilar amaliyotda foydalanishlari mumkin. 10-11-sinf o‘qituvchilari darsga mustaqil tayyorgarlik ko‘rishlari, ijodiy yondashgan holda har bir mavzu yuzasidan yangiliklarni berib borishlari orqali sifatli ta’limni amalga oshirishlari maqsadga muvofiq. Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi doirasida O‘qituvchi kitoblari bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan. Mazkur o‘quv yilida o‘qituvchilarning darsga tayyorgarlik ko‘rishlari mustaqil amalga oshirilib, ijodiy yondashgan holda har bir mavzu yuzasidan o‘quvchilarga beriladigan bilimlarni boyitib borishlari orqali sifatli ta’limni amalga oshirishlari maqsadga muvofiq.
Kasblar soni chegaralangan, inson qobiliyatining bugun egallangan sarhadlari hali noma’lum bo‘lgan davrlarda maktabning vazifasi odamlarni savodli qilishdan, ularga bilim berishdan iborat bo‘lgan. Bugun esa har birimiz hayot tarzimiz, ishlashimiz va o‘zaro munosabatimizni tubdan o‘zgartirgan texnologik inqilob jarayoniga guvoh bo‘lyapmiz. Bu jarayon ko‘lami, maqsadi va murakkabligiga ko‘ra, insoniyat shu vaqtgacha boshidan o‘tkazgan o‘zgarishlarga o‘xshamaydi. Bugungi jarayonlarga moslashish, o‘zgarishlarni boshlab berish uchun savodli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bugun ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqishda maktabni savodli inson tayyorlovchi institutdan, ko‘nikma shakllantiruvchi institutga aylantirish tamoyiliga tayanilmoqda. Natijada, maktab XXI asr mutaxassisidan jamiyat talab qilayotgan ko‘nikmalar shakllanadigan hal qiluvchi maskanga aylandi.
Maktabni tamomlayotgan bolaning xotirasida bu yerda olgan bilimlarining bir qismigina qoladi. Ammo o‘n bir yillik ta’lim mobaynida orttirilgan ko‘nikmalardan har bir inson umri davomida foydalanadi. Albert Eynshteyn aytgani kabi ta’lim maktabda o‘rganganlarimizni unutgach, yodimizda qoladigan ko‘nikmadir. Yangilik va kashfiyotlar eng ko‘p qilinayotgan davlat fuqarolari “yaratuvchan nou-hau ko‘nikmalari”ga ega, ya’ni ular innovatsion fikrlab, yangilik kiritish ishtiyoqi bilan yashashadi.
So‘nggi 50 yildirki, ilm va texnologiya turmush tarzimizni o‘zgartirayotgan, jamiyatni rivojlantirayotgan drayver vazifasini o‘tab kelmoqda. Jahondagi yirik kompaniyalarning faoliyati ham ilmiy fanlar, xususan fizika, texnologiya, muhandislik, matematikaga asoslangan. Shu bilan birga, bilimlarni ijodiy yondashish orqali hayotda qo‘llashda san’atning o‘rni yuqori.
Dunyo mamlakatlari STEAM ta’limini o‘qitishga ixtisoslashmoqda. Butun jahonda STEAM ta’limi ishsizlik va qashshoqlikning oldini oladigan yechim sifatida ko‘rilmoqda. Sababi, mazkur fanlar bilan bog‘liq ish o‘rinlari so‘nggi o‘n yilda o‘rtacha 14 foizga ortgan, ya’ni boshqa mehnat sohalariga qaraganda o‘sish sur’ati 5-8 foizga yuqori. Shuni hisobga olib, mamlakatimizda ham ushbu fanlarni o‘qitishda yangicha yondashuvlar joriy qilinmoqda.
Xususan biologiya fani bo‘yicha endi bolalardagi jamoaviy ishlash ko‘nikmasi ham individual ishlash ko‘nikmasi bilan birdek shakllantiriladi. Darsliklarga o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun birdek yangilik bo‘la oladigan shunday amaliy topshiriqlar kiritildiki, ularni faqat jamoada ishni taqsimlash orqali bajarish mumkin.
Bolalarni mantiqiy fikrlashga va olgan bilimlarini amalda qo‘llashga majbur qiluvchi topshiriqlarga urg‘u berib, imkon qadar raqamlardan qochishga harakat qilindi. Negaki bola, kundalik hayotda, chuvalchang uzunligini bilishi emas, bu haqidagi yaxlit bilimlarni egallashi muhim. Shuningdek, 6-7-8-9-sinf biologiya darsliklaridagi spirallar bir xil mavzular asosida shakllantirilgan bo‘lsa, 10-sinf darsligi mavzular darajasi sabab quyi sinf darsliklaridagi spiraldan biroz farq qiladi.
O‘quvchilarning tabiat to‘g‘risidagi ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirish, tafakkurini rivojlantirishda tabiat qonunlarini asoslab berishda biologiya, tabiat va geografiya, fizika, kimyo, iqtisodiy bilim asoslari va tadbirkorlik asoslari o‘quv fanlari muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiatda ro‘y berayotgan hodisa va jarayonlar, tirik organizmlarning rivojlanish bosqichlari, tabiat va jamiyat qonunlariga insoniyatning ko‘rsatadigan ta’sirlari haqida ilmiy va amaliy bilimlar majmuasini yoritish tabiiy va iqtisodiy fanlar blok-modulining asosiy vazifasini belgilab beradi.
Xususan, taklif etilayotgan yangi malaka talablariga ko‘ra, o‘quvchi yoshidan kelib chiqib, tarixiy, ijtimoiy, ilm-fan va texnikaviy mavzularda erkin so‘zlasha olishi, matnlarni o‘qib, tushunishi va tuza olishi zarur. Bu ularga hayotda duch keladigan vaziyatlar, kasblarni egallash uchun zarur savodxonlik ko‘nikmalari va tushunchalarni maktabdayoq egallash va keyinchalik samarali foydalanish imkonini beradi.
A.MAMATALIEV,
A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot
instituti katta ilmiy xodimi.
O‘zA