Nega o‘zbek xalqi boy merosi bilan dunyodagi buyuk adabiyot yaratgan millatlar qatoridan joy oldi deb o‘ylaysiz?
O‘zbek adabiyoti deb atalmish ildizi baquvvat daraxtning urug‘ini Navoiy bobomiz ekkanlar. U yaratgan o‘lmas asarlar tuganmas ma’naviy mulk sharofati ila adabiyotimiz yashamoqda. Alisher to‘rt yoshida maktabga bora oladigan darajada salohiyatli edi. Navoiy yigitlik chog‘laridayoq 50 ming bayt g‘azalni yoddan bilgan ekan.
U olti yoshida Qur’onning yigirma sakkiz porasini o‘qib tushirgan xotirasi kuchli, irodali, azmi qarorli edi. 10-12 yoshida she’r yozgan.
U ayni navqiron yoshida vazir bo‘lib, o‘ttiz besh yoshida vazirlikni tashlab, ijodni tanlagan. O‘zini ijodkor deb atovchi shunday «ijodkorlar» borki, butun boshli kitobini o‘qib, biror mazmun anglash mushkul. Ammo Navoiyning bir jumlasida butun olam mantig‘ini topish mumkin.
Bejiz Mavlono Lutfiy yosh Navoiyning birgina g‘azaliga «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim», deya yuksak baho bermagan.
Biz Navoiydan oz so‘zlab, ko‘p uqtirishni, kam gapirib, ko‘p natija qilishni, bir so‘z bilan aytganda so‘z quvvatini oshirishni o‘rganishimiz kerak. Ul zot so‘zni isrof qilmasdan turib ham ona tilimiz qudratini o‘z ijodi orqali ko‘rsatib, isbotlab berganlar. Uning ijodi ulkan. Olti dostonining hajmi 60 000 ga yaqin misrani tashkil etishining o‘zi ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Hatto Firdavsiy bobomizdek buyuk ijodkor «Shohnoma»dek taniqli asarni o‘ttiz yilda bitgan bo‘lsa, Navoiy ikki yilda, faqat ishlagan vaqti hisobga olinganda esa, olti oyda «Xamsa»ni tugallagan ekanlar.
Umrini go‘zal amallar bilan boyitish yo‘lida topgan shaxsiy daromadlari hisobidan ko‘plab imoratlar, masjidlar qurdirgan ekanlar.
Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan noyob iste’dod egasidir. Shuning uchun hech ikkilanmay uni yetuk siyosatchi deyish mumkin.
Yuqori mansabga ega shaxs bo‘la turib, u mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shgan, ilm-fan, san’at rivojiga homiylik qilgan, tinchlik va totuvlik hukmron surishi yo‘lida o‘ziga xos islohotlarni ilgari surgan edi.
Navoiyning umri davomida erishgan yutuqlari-yu, qoldirgan merosini umr yillariga taqsimlasangiz, yashagan umridan ko‘ra uning mazmuni salmoqli bo‘lganini ko‘rasiz.
O‘z ijodiy merosida 26 mingdan ortiq lug‘atdan foydalangan, so‘z boyligi mo‘l ijodkor sifatida butun dunyoda e’tirof etilishi ham bejiz emas.
Kamola Abduvaliyeva,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi
Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi