Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz korrupsiyaga qarshimiz
14:01 / 2024-04-02

“O‘zmilliybank” AJda “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi katta prokurori X.Tursunbekov tomonidan ishtirokchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan davlat siyosati, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun va mohiyati xususida tushunchalar berildi.

 Xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda bu borada ularning bilim va malakalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan seminarda bankning Bosh ofisi hamda barcha hududiy tuzilmalariga yangi ishga qabul qilingan 500 nafarga yaqin xodimlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda, korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashdir.  

Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida ham korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilgan.  

Strategiyada 5 ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 muhim maqsad o‘z aksini topgan. Ta’kidlash joizki, strategiya o‘z ichiga barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi asosiy g‘oyalarni o‘z ichiga olgan.  

Tadbirda mazkur yo‘nalishlar doirasida kelgusi yetti yilda iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollar, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan ta’minlash, mamlakatda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsad qilinganligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimiz rivojining muhim fundamental asoslarini o‘zida qamrab olgan bo‘lib, bir qator ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Muhimi, mazkur hujjat xalqaro hamjamiyat oldida davlatimiz mavqeyi va obro‘sini yanada mustahkamlashga, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladi.  

Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunchilik asoslari, respublikada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar, mavjud kamchiliklar hamda tashkilotlardagi ushbu yo‘nalishdagi muammolar haqida to‘xtalib o‘tildi. Korrupsiyaning oldini olishda mas’ul xodimlarning vazifalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.  

– Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, ishlab chiqilayotgan hujjatlar, bu borada amaliy hamkorlik masalalari xususida tushunchaga ega bo‘ldik, – dedi "O‘zmilliybank" AJ yuridik departamenti yurist konsultanti To‘lqinjon Bozorboyev. – Shuningdek, tadbir davomida nafaqat bank sohasida, balki, mamlakatimizning boshqa ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy faoliyatida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilib, ularni o‘zimizning amaliyotimizda qo‘llashni o‘rgandik.

Tadbirda bankning yosh xodimlari amalga oshirilayotgan keng qamrovli va aniq manzilli targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etishlari lozimligi uqtirildi hamda ijro etilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan amaliy tajriba va metodik qo‘llanmalar asosida maslahatlar berildi.  

Seminar yakunida mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.  

 

Gulnoza Boboyeva,  

Rustam Nazarmatov(surat), O‘zA