Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda geografiya fani soatlari qisqarishi yuzasidan savollarga Respublika Ta’lim markazi mas’ullari javob berdi.
Markaz rahbari Shuhrat Sattorovning ma’lum qilishicha, hozirda o‘quvchilarning dars soatlari keragidan ortib ketgan. Natijada o‘quvchilar mavzularni o‘zlashtirishga ulgurmayapti.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ta’lim sifati dars soatlari bilan emas, sifati bilan bog‘liq. Shu bois fanlar sonini optimallashtirish, o‘quvchining o‘quv yuklamasini xalqaro standartlar asosida belgilash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Integratsion (fanlarning birgalikda o‘qitilishi) fanlar joriy etilishi mana shunday islohotilarning biridir. Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab, 1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinmoqda.
Yangi fan kiritilishi natijasida geografiya soatlarining hozirgi holatdan 2 soatga qisqarishi o‘qituvchilarda norozilik keltirib chiqaryapti. Chunki mamlakatimizda o‘qituvchilarga soat asosida maosh to‘lanadi. Albatta, dars soatlarining qisqarishi o‘z-o‘zidan ularning maoshlariga ta’sir qiladi.
Dars soatlari va fanlar sonini optimallashtirish orqali o‘quv yuklamasini kamaytirishga to‘siq bo‘layotgan muammo ham aynan o‘qituvchilarga soat asosida maosh to‘lanishi bo‘lmoqda.
Jahonning aksariyat mamlakatlarida bu amaliyotdan voz kechilgan. Shuni inobatga olib, yurtimizda o‘qituvchiga natija asosida, ta’lim samaradorligiga maosh to‘lash tizimlari ham joriy qilinmoqda.
Yangi fan bo‘yicha geografiya, fizika, biologiya, kimyo fani o‘qituvchilari bir oylik qisqa tayyorlovda o‘qib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritsa, 6 sinflarda tashkil etilgan 3 soatlik “Tabiiy fanlar” (Science) fanidan dars berish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, ayni kunlarda geografiya fani soatlari qisqarishi o‘qituvchilarining ishsiz qolishiga sabab bo‘lishi aytilayotgan fikrlarga Ta’lim markazi rahbari o‘rinbosari Isroil Tillaboyev quyidagicha javob berdi:
– Xalq ta’limi vazirligi ishsizlik masalasi bilan emas, ta’lim sifati bilan shug‘ullanadi. Bizning asosiy vazifamiz sifatli ta’limni ta’minlash. Oliy ta’limda yildan yilga kvotalar soni oshmoqda. Ammo Xalq ta’lim vazirligi barcha oliy ma’lumotli kadrlarni ish bilan ta’minlash vazifasini olmagan. Hozirgi islohot natijasida ta’lim eng iqtidorli o‘qituvchi qo‘liga o‘tadi. Endi biz tanlov asosida o‘qituvchilarni saralab olamiz. O‘quvchilarni eng yaxshi o‘qituvchilar qo‘liga topshiramiz.
Shu nuqtai nazardan, jamoatchilikdan ta’lim mazmunida amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘g‘ri talqin qilishlarini so‘rab qolardik. Zero, bu yangilanishlar 6 milliondan ziyod o‘quvchi-farzandlarimizning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun amalga oshirilyapti.
Avvalroq O‘zAda geografiya fani soatlari qisqarayotgani yuzasidan batafsil maqola e’lon qilingan edi.
Maftuna Karimova, O‘zA