Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz giyohvandlikka qarshimiz
06:31 / 2022-06-25

Andijonda “Giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 26 iyun – Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurash kuni oldidan Z.M.Bobur nomli Andijon viloyati axborot kutubxona markazi tashabbusi bilan “Biz giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida viloyat psixonevrologiya dispanseri, SPIDga qarshi kurash markazi hamkorligida tadbir o‘tkazildi.

Unda shifokorlar, mahalla imomlari, faollari, kutubxona mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyi hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda giyohvandlik illatining inson ongiga, jamiyat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri, uning oldini olish, mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini kuchaytirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.

– Yurtimizda yoshlarning o‘qishi, kasb-hunar egallashi, o‘z salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilishiga qaramay, ularning orasida turli illatlar, ayniqsa, giyohvandlik ta’siriga tushib qolgan yoshlarning borligi barchamizni tashvishga soladi, – deydi Z.M.Bobur nomli viloyat axborot kutubxona markazi direktori Gulnoraxon Ismoilova. – Giyohvandlik balosi domiga tushib qolishga moyilligi bor yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni ana shu balodan asrash uchun nafaqat huquq-tartibot idoralari, balki ular bilan hamkorlikda keng jamoatchilik aniq amaliy ishlarni olib borishi lozim. Shundagina bu borada kutilgan natijalarga erisha olamiz.

[gallery-7709]

Tadbirda viloyat psixonevrologiya dispanseri, SPIDga qarshi kurash markazi mutaxassislari U.Sharobiddinova, G.Isoqova, Andijon shahridagi “Uyg‘ur” jome masjidi imomi A.Artiqovning hayotiy misollar asosida giyohvandlikning inson salomatligiga, ruhiyatiga, turmush tarziga salbiy ta’siri, ushbu illat oxir-oqibat kishini jarlikka qulatishi, jamiyatni parokandalikka olib kelishi xususidagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan giyohvandlik, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, chekish singari zararli illatlarga qarshi kurashda keng jamoatchilikning o‘rni va roli beqiyos ekanligi alohida ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish xususida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish borasidagi targ‘ibot hamda tushuntirish ishlarini kuchaytirishga kelishildi.

Davra suhbati ishtirokchilar, xususan, yoshlarning giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqidagi bilim va tushunchalarini boyitish bilan birga, ana shu illatga nisbatan murosasiz kurashishga undadi.

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA