Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!
14:52 / 2023-04-05

30 aprel kuni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan umumxalq ovozi — referendumga tobora yaqin qolmoqda. Shu bois Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatini aholi vakillariga batafsil tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari qizg‘in davom ettirilmoqda.

Poytaxtimizdagi INNO-innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida O‘zLiDeP tomonidan tashkil qilingan tashviqot tadbirida ham “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi haqida so‘z bordi.    

“Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” shiori ostidagi ushbu tadbirda partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va unda yoshlarga oid qator normalar o‘z aksini topayotganini alohida e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, hujjatda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilmoqda. Bu esa yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanidan dalolat beradi.   

— Mamlakatimiz aholisining 18 milliondan ortig‘ini yoshlar tashkil qiladi. Ushbu ko‘rsatkich 2040 yilga borib 25 millionga yetishini hisobga olsak, Bosh qomusimizda yoshlar masalasi alohida bob bo‘lib kirayotgani muhim ahamiyatga egaligini anglaymiz. Yangilanayotgan Konstitutsiyada birinchidan, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, degan norma mustahkamlanmoqda. Biz demokratik, huquqiy davlat qurishga intilar ekanmiz, kelajagimiz bo‘lgan yoshlar huquqlarini himoya qilmasdan, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ta’minlamasdan turib, erisha olmaymiz.  

Ikkinchidan, davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlashi, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratadi, degan me’yor ham kiritilmoqda.  

O‘g‘il-qizlarimizning har tomonlama rivojlanishi uchun ularga imkoniyatlar, ya’ni uy-joyli bo‘lish, ta’lim olish, ishga joylashish, band bo‘lish va dam olish imkoniyatlarini yaratish zarurdir. Davlat bu borada tegishli shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha majburiyat olmoqda, chunki mazkur normalar, nafaqat yoshlarimiz manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning farovon taqdiri uchun muhimdir, — dedi partiya yetakchisi.  

Tadbir ishtirokchilari ertangi kunimizni belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirildi.  

M.Komilova, O‘zA