“Yuksalish” harakati tomonidan Respublika qon quyish markazi bilan hamkorlikda 28 oktyabrdan 3 noyabrgacha butun respublika bo‘ylab “Biz – donormiz” xayriya aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan donorlik xayriya aksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish markazida ham o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va talabalari, Milliy gvardiya xodimlari, yoshlar va faol fuqarolar ishtirok etishdi.

Tashabbusdan kutilgan maqsad donorlik qoni zaxiralarini to‘ldirish va jamiyatda donorlik madaniyatini rivojlantirishdir. Shuningdek, aksiya jamiyatda o‘zaro yordam madaniyatini shakllantirish, bu jarayonning ahamiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, donor qoni taqchilligi muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb etishga yordam beradi.

Aksiyada faol, jonkuyar fuqarolar ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki donorlik qoni har kuni murakkab vaziyatlarga tushgan insonlarning hayotini saqlab qoladi. Og‘ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bemorlar, avtohalokatdan jabrlangan, onkologik kasalliklar bilan og‘riganlar va qon quyishni talab qiladigan boshqa ko‘plab tashxisi bor odamlar shular jumlasidandir.

Aksiya davomida to‘plangan qon zaxiralari tibbiyot muassasalarining bemorlarga yordam ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi. Bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish kasalxonalar va tibbiyot markazlarida qonning yetarli darajada ta’minlanishiga yordam beradi. Bu ayniqsa, favqulodda vaziyatlar va rejalashtirilgan operatsiyalar uchun muhimdir.
Shu kuni voyaga yetgan va sog‘lig‘ida tibbiy qarshi ko‘rsatmalari bo‘lmagan fuqarolar donor sifatida ishtirok etishdi. Eng asosiysi, qon topshirish orqali ular ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shishdi deya bemalol aytaolamiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA