Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Biz – bo‘linmas bir xalqmiz
12:17 / 2022-07-05

Munosabat

1 va 2 iyul kunlari  Nukus shahrida sodir etilgan voqealar haqidagi xabar ko‘p millatli o‘zbek xalqining yuragiga tig‘dek botdi. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashaydi. O‘zbekiston – umumiy uyimiz. Faraz qilaylik, oilamizda bir kishining boshi og‘risa, xoh qaynota bo‘lsin, xoh kelin, xoh nevara, hamma oila a’zolari notinch bo‘ladi. Bugun ayrim vatandoshlarimizning boshiga tushgan qayg‘uli tashvish hammamizniki, aslida.

Ochiq gap, biz qaysi millat yoki elat vakili bo‘lmaylik, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikdan quvonib, yil sayin, kun sayin taraqqiy topayotgan Vatanimizdan faxrlanib yashaymiz. Shukronalar aytamiz. Chunki, Vatanimiz tinchligi eng oliy ne’mat ekanligini, tinchlik bo‘lmasa, tomog‘imizdan bir qultum suv ham o‘tmasligini, halovatimiz yo‘qolishini hammamiz yaxshi bilamiz. Ota-bobolarimizning duolaridan uning qadr-qimmatini yanada teranroq anglaymiz.

Bu oliy ne’matga ko‘z olaytiruvchilar ko‘payib qolganligini qo‘shni mamlakatlar misolida ko‘rib, har safar vujudimizni bunday g‘alamislarga nisbatan nafrat egallardi. Nukusda boshlangan notinchliklar minglab yillardan buyon tarixi bir, ildizi bir, o‘zagi bir, turmushi bir, tili-yu dili va dini bir bo‘lgan yurtdosh do‘stlarimizning ishi emasligi oydek ravshan.

Ilon payt poylab boshini ko‘targani singari, Vatanimizdan tashqarida yurgan, ona Vatan qadrini bilmaydigan, g‘urursiz, ma’naviyatsiz ayrim yurtdoshlarimizning qora kuchidan foydalanayotgan g‘alamislar tinch aholiga jabr qilish orqali o‘zining manfur maqsadlarini amalga oshirish niyatida bosh ko‘targani hech birimizni befarq qoldirmadi. Millatimizdan, tilimizdan, ijtimoiy kelib chiqishimizdan, diniy qarashlarimizdan qat’i nazar, qondosh va jondosh xalq sifatida ruhiy osoyishtaligimiz buzildi.

Biz O‘zbekiston davlatchilik mexanizmining kuch va salohiyatiga, xalqimizning hamjihatligi va metindek irodasiga tayangan holda shuni ishonch bilan aytamizki, ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yiladi. Ig‘vogarlarning qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga muvofiq, Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilish, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiqish, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qilish, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qilish kabi faoliyatlar taqiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Abdukamol RAHMONOV,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi

raisi o‘rinbosari.

O‘zA