Buxoro shahridagi Yoshlar markaziy maydonida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiori ostida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda asosiy e’tibor bo‘lib o‘tadigan saylov oldidan partiya tarafdorlarini bir maqsad yo‘lida birlashtirish, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi hamda nomzodlar bilan tanishtirishga qaratildi.
Ommaviy tadbirda so‘zga chiqqanlar, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov mezoni va standartlariga muvofiq ochiqlik, oshkoralik, erkin va adolat prinsiplariga mos ravishda o‘tkaziladigan saylov maydoniga saylovchi ishonchi, saylovchi va xalqimiz manfaatlarining ifodasi sifatida kirayotganini, bugun saylovchilarga quruq va’dalar emas, aniq va lo‘nda taklif va tashabbuslar, Vatan, millat manfaati yo‘lida aytiladigan oddiy va sodda gaplar kerakligini ta’kidladi.
[gallery-19795]
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi navbatdagi ommaviy tadbirini o‘tkazish uchun bejiz Buxoro tanlanmaganini, bu zamin jahon hamjamiyati rivojiga, ilm-faniga, madaniyatiga qo‘shgan hissasi, uning tarixi nihoyatda boy va ulug‘vorligini har qanday inson his etishi tabiiy.
Buxoroliklar bugun ham Yangi O‘zbekiston islohotlarida faol ishtirok etmoqda. Viloyatning turizm salohiyati yanada keng targ‘ib qilinib, O‘zbekistonni sayyohlik rivojlangan davlatlardan biriga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ommaviy tadbirda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiori ostida ishlab chiqilgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi mazmun-mohiyati bilan keng tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, partiya tomonidan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori bejiz ilgari surilayotgani yo‘q. Bu milliy-madaniy qadriyatlar hamda zamonaviy taraqqiyotning uyg‘unligida jonajon O‘zbekistonimizni qudratli davlat, xalqimizni farovon bo‘lishi yo‘lidagi birlashtiruvchi da’vatdir.
“Milliy tiklanish” uchun eng ustuvor masala – bu tarbiya. Yangi dasturda ham ana shu g‘oyadan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tarbiya va ta’lim, ya’ni maktabgacha va maktab ta’limiga ustuvorlik berilgan. Bu borada bog‘cha va maktablarga tarbiyachi va o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini joriy etish, “Yangi avlod pedagoglarini tayyorlash Davlat dasturi”ni qabul qilish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, oilani mustahkamlash, ayollar, yoshlarga munosib sharoitlar yaratish, shu bilan birga, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish ham eng muhim vazifa hisoblanadi. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, iste’mol tovarlarining tarkibi, sifati va narxi mutanosibligini ta’minlash muhim sanaladi.
Shundan kelib chiqib, dasturda “O‘zbekistonda sog‘lom ovqatlanish milliy Konsepsiyasi”ni qabul qilish, tarkibida “GMO” bo‘lmagan mahsulotlarni ommalashtirish bilan bog‘liq takliflar ham ilgari surilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.