Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Biz birgamiz” shiori ostida volontyorlar birlashdi
14:11 / 2022-04-28

Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi tomonidan “Biz birgamiz” shiori ostidagi volontyorlarning birinchi festivali bo‘lib o‘tdi.

Festivalda 50 dan ortiq volontyorlik guruhlari, 2021 yil “Yil volontyori” tanlovi g‘oliblari “Ezgulik yo‘li” shiori labirinti ostida birlashdi. 

Ma’lumki, 2019 yil 2 dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Volontyorlik faoliyatining maqsadi jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iboratdir. 



Mazkur festival O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni ijtimoiy muammolarni hal qilishda salohiyatini oshirish va volontyorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish maqsadida tashkil etildi. Festival oldidan bir hafta davomida volontyorlik guruhlari tomonidan respublikamiz bo‘ylab ijtimoiy va xayriya aksiyalari, ekologik tanlov va boshqa bir qator tadbirlar o‘tkazildi. 

Festival doirasida volontyorlarning tashabbuslari yuzasidan videoroliklar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, davlat boshqaruv organlari, xalqaro tashkilotlar va biznes kompaniyalar vakillari hududlardagi “Volontyorlar maktabi” mentor-trenerlari ishtirokida “O‘zbekistonda volontyorlikni rivojlantirish” mavzuidagi konferensiya o‘tkaziladi. 


Gulnoza Boboyeva, O‘zA