Xiva shahrida “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar mahsulotlarining VII respublika savdo yarmarkasi o‘tkazildi.
“Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasining Ota darvozasi old maydoni ertalabdan odamlar bilan gavjum. Chunki, «Biz birgamiz!» ijtimoiy loyihasi bu galgi savdo yarmarkasi shu yerda tashkil etildi.
– Mazkur yarmarka nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ularni jamiyatimizning ajralmas qismi sifatida ruhlantirish hamda kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, –deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Zikirilla Mahmudov. – “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirish, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2018 yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda.
Yarmarkada nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘z uylarida qo‘l mehnati bilan tayyorlangan turli xil buyum va mahsulotlar– kashtachilik, zargarlik, duradgorlxk, zardo‘zlik, tikuvchilik, to‘qimachilik, qandolatchilik kabi xalq hunarmandchiligi yo‘nalishlarida tayyorlangan mahsulotlar namoyish etildi.
– Jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar tomonidan yasalgan mahsulot yoki buyumlarda go‘zallik va sifatlilikdan tashqari mehr borligini ham sezasiz, – deydi Xorazm viloyat nogironlar jamiyati hududiy bo‘linmasi rahbari Saida Qurbonova. – Shu sababli ular yasagan mahsulotlarni o‘zgacha havas bilan sotib olishdi. Misol uchun, birgina xorazmlik qatnashchilar bir kunda shu yarmarkada o‘zlari tayyorlagan 56 million so‘mlik mahsulotlarini sotishga erishdi. Bu ularga katta kuch va ruh baxsh etishdan tashqari shaxsiy daromadlarini oshirishga ham yordam berdi.
Xivada o‘tkazilgan mazkur savdo yarmarkasida respublikamizning 14 ta hududidan kelgan ishtirokchilar o‘z mahsulotlarini sotganidan tashqari kelgusi faoliyatlari uchun jami 402 million so‘mlik shartnomalar ham tuzishdi.
[gallery-25450]
Maydondagi kuy-navolar, el suyugan san’atkorlarning chiqishlari hamda karnay-surnay sadolari tadbir ishtirokchilari, chet ellik sayyohlar va mehmonlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ishtirokchilar o‘zlari qo‘l mehnati bilan yasagan mahsulotlarini sotish bilan birgalikda madaniy hordiq ham chiqarishdi.
Tadbir yakunida yarmarkaning har bir ishtirokchisiga maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari