Biz birgalikdagi harakatlarimiz bilangina samaraga erisha olamiz
Uning fikricha, shu sababli ham bu tahdidga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun kuchlarni birlashtirgan holda harakat qilish kerak.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 10-aprel kuni boʻlib oʻtgan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida oʻtkazilgan navbatdan tashqari sammitida soʻzlagan nutqida insoniyat bugun yangi, shu bilan birga, koʻplab davlat va xalqlar turmush tarziga taʼsir koʻrsatgan oʻta jiddiy chaqiriq bilan toʻqnash kelganini taʼkidlab oʻtdi.
Uning fikricha, shu sababli ham bu tahdidga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun kuchlarni birlashtirgan holda harakat qilish kerak.
“Bugun bizdan u yoki bu qarorni qabul qilishda uzoqni koʻra bilish, muvozanat va masʼuliyat talab qilinadi. Biz birgalikdagi harakatlarimiz bilangina samaraga erisha olamiz, degan faktga tayanishimiz kerak”. dedi Turkmaniston prezidenti.
Uning aytishicha, xavf paydo boʻlishi bilan Turkmaniston zudlik bilan BMT, uning ixtisoslashtirilgan idora va agentliklari, birinchi galda Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.
Turkmanistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrildi. Mamlakatdagi sogʻliqni saqlash tizimi yangi xavfga qarshi jalb qilindi. “Sogʻliqni saqlash muassasalari uchun zarur jihozlar sotib olindi, hozirgi kunda ular zamonaviy jihozlar, shaxsiy himoya vositalari, test-sistemalari, tibbiyot asboblari va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlangan”, dedi Gurbanguli Berdimuhammedov.
Turkmaniston rahbarning fikricha, koronavirusga qarshi kurashda maʼrifiy ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi maʼrifiy tadbirlar bolalar bogʻchalari, maktablar, oliy taʼlim dargohlari, harbiy qismlar, korxona va muassasalarda olib borilmoqda. Odamlarga shaxsiy gigiyenaga amal qilish qoidalari tushuntirilmoqda. Oʻz vaqtida koʻrilgan choralar tufayli Turkmanistonda sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror va nazoratga olingan, dedi Gurbanguli Berdimuhammedov. “Bu yoʻnalishdagi ishlar davom etmoqda. Chunki bizning asosiy ustuvor vazifamiz – odamlarning xavfsizligi, hayoti va salomatligini taʼminlashdan iborat, bu yoʻlda davlat barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi”, deya qayd qildi Turkmaniston rahbari. Uning fikricha, vaziyatning jiddiyligini hisobga olgan Turkmaniston bugungi sharoitda asosiy vazifa mamlakatlar oʻrtasidagi transport qatnovlari, savdo va iqtisodiy munosabatlar barqarorligini taʼminlashdan iborat deya hisoblaydi. U sogʻliqni saqlash sohasida ham birgalikda hamkorlik qilish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
“Bizning asosiy maqsadimiz odamlar hayoti va salomatligini muhofaza qilishdan iborat. Bunda mamlakatlaridan tashqarida qolib ketgan fuqarolarga nisbatan insonparvarlik munosabatida boʻlish va ularni qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Umumiy tarix, yuksak maʼnaviyat va ijtimoiy qadriyatlarga ega boʻlgan qardosh davlatlar bugun ana shu fazilatlarni namoyon qilishimiz kerak. Shu munosabat bilan ayni damda sizning mamlakatlaringizda boʻlib turgan Turkmaniston fuqarolariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligingiz uchun Sizlarga chin qalbdan minnatdorchilik bildiraman. Oʻz navbatida Turkmaniston hududlarida boʻlib turgan sizlarning fuqarolaringizga ham iliq munosabatda boʻlamiz, deya ishontiraman. Men ishonaman, mana shunday ogʻir damlarda biz birgalikda qiyinchiliklarni yengib oʻtamiz, hamda qardoshlik aloqalarini va hamkorlikni mustahkamlaymiz” deya soʻzlarini yakunladi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov.