Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Biz bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi doirasida yangi ekologik tashabbus
16:31 / 2026-01-12

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda manzarali va mevali daraxtlar ekish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.

Ushbu ezgu tashabbusga turli qatlam vakillari – davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, yoshlar hamda faol fuqarolar birdek hissa qo‘shib kelmoqda.

Asli samarqandlik, tarix fani bo‘yicha mustaqil tadqiqotchi, ayni paytda Qarshi shahridagi Osiyo texnologiyalari universitetida tarix yo‘nalishida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha tahsil olayotgan Akmal Hamroyev ham yurtimizni yanada yashil va obod maskanga aylantirish borasida o‘ziga xos tashabbus bilan chiqdi.

U “Biz bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi doirasida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadamjolar atroflariga tayyor ko‘chatlar emas, balki ularning urug‘larini qadash ishlarini yo‘lga qo‘ymoqda.

– Ko‘chatga nisbatan urug‘dan joyida unib chiqqan daraxt ancha baquvvat bo‘ladi, – deydi A.Hamroyev. – U avvaldanoq o‘sha tuproq va iqlimga moslashib o‘sadi. Natijada daraxtning yashovchanligi yuqori bo‘ladi.

Yaqinda uning jamoasi Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida joylashgan Sulton Mir Haydar ota ziyoratgohi yonidagi Ko‘hna Kasbi qo‘rg‘oni atrofiga, shuningdek, ziyoratgoh orqasida joylashgan qadimiy Namozgoh obidasi yoniga mevali va manzarali daraxtlar urug‘larini qadadi.

Akmal Hamroyevning aytishicha, ushbu aksiya doirasidagi ishlar kelgusida butun respublika bo‘ylab tarixiy va diniy qadamjolar, muqaddas maskanlar atroflarida ham izchil davom ettiriladi.

Yurtni yashil makonga aylantirish yo‘lidagi bunday tashabbuslar nafaqat tabiatni asrash, balki tarixiy merosimizni yanada obod va ko‘rkam holatda saqlab qolishga xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri